Yangiliklarga qaytish
Match report

VODIY DERBISIDA YIRIK VA MUHIM GʻALABA!

13-avgust, 2026·2 min o'qish·3
alisher odilov

VODIY DERBISIDA YIRIK VA MUHIM GʻALABA!

Birinchi bo‘lim ikkala jamoaning faol hujumlari bilan boshlandi. Dastlabki xavfli vaziyatni mezbonlar yaratishdi. O‘ng qanotdan jarima maydonchasiga kirib borgan Damir Temirovning kuchli zarbasini Botirali Ergashev qaytardi. Oradan bir daqiqa o‘tib, Hurshid Gʻiyosov xuddi shunday pozisiyadan javob zarbasini yo‘lladi, biroq mezbonlar darvozaboni ham mahorat ko‘rsatib, to‘pni qiyinchilik bilan qaytardi. 22-daqiqada mezbonlar yana bir xavfli hujum uyushtirishdi, ammo ularning darvozaga bergan zarbasiga bu safar Stipe Perisa to‘g‘anoq bo‘ldi. Teng kurashlar va ketma-ket xavfli vaziyatlarga boy o‘tgan birinchi bo‘limda jamoalarga aniqlik yetishmadi, natijada tanaffusgacha hisob ochilmadi.

Ikkinchi bo‘lim jamoamizning to‘liq ustunligi ostida o‘tdi. Ketma-ket hujumlar tashkil etgan futbolchilarimiz 50-daqiqada maydonda son jihatdan ustunlikka ega bo‘lishdi: mezbonlar vakili Muhsinjon Ubaydullayevga qarshi qo‘pol o‘ynagani uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olib, maydondan chetlatildi.
Bundan ruhlangan jamoamiz oradan ikki daqiqa o‘tib hisobni ochdi. 52-daqiqada Alisher Odilov qoyilmaqom dribling evaziga raqiblarni ortda qoldirib, kuchli zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi — 0:1. Shundan so‘ng ham ko‘plab xavfli vaziyatlar yaratgan yigitlarimiz 80-daqiqada oradagi farqni oshirishdi — bu safar Stipe Perisa gol muallifiga aylandi (0:2). Uchrashuvga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa yakuniy nuqta qo‘yildi: zaxiradan maydonga tushgan Koffi Koauo 90+2-daqiqada o‘zining debyut o‘yinidayoq raqib darvozasini aniq nishonga oldi — 0:3. Bu hisob final hushtagi chalingunga qadar o‘zgarishsiz qoldi va jamoamiz safardan yirik g‘alaba bilan qaytdi.

O‘ZBEKISTON SUPERLIGASI
13 avgust  17-tur
Andijon shahar, "Bobur Arena" stadioni  soat 19:00
"ANDIJON"   0:3
"NEFTCHI"
Gollar: Alisher Odilov, 53'(0:1), Stipe Perisa, 80'(0:2),Koffi Kouao 90+2'(0:3)

Bosh hakam: Akobirxo‘ja Shukurullayev
Yordamchi hakamlar: Sanjar Shayusupov, Abdurashid Erkinov
Zaxira hakami: Anvar Ismailov
VAR: Jasur Muxtorov
AVAR: Timur Gaynullin
Nazoratchi: Oleg Dachev
Komissar: Diyorjon Xotamqulov

"Neftchi": 1.Botirali Ergashev, 4.Boyan Siger, 6.Ibrohim Halil Yo‘ldoshev, 9.Xurshid Gʻiyosov(11.Asilbek Jumayev,65), 10.Jamshid Iskanderov, 15.Nurmuhammad Abdug‘aniyev, 18.Stipe Perisa(32.Zoran Marushich,83), 21.Muxsinjon Ubaydullayev(8.Vladimir Yovovich,65), 22.Alisher Odilov(52.Koffi Koauo, 82), 34.Farrux Sayfiyev, 77.Ratino(5.Ikromjon Alibayev, 20)

Zaxira: 45.Akbar To‘rayev, 2.Izzatillo Po‘latov, 30.Rustambek Fomin, 71.Bilolxon Toshmirzayev

Bosh murabbiy: Islombek Ismoilov

Ulashish

O'xshash yangiliklar