KOFFI KOUAO – JAMOAMIZNING YANGI A'ZOSI!

KOFFI KOUAO – JAMOAMIZNING YANGI A'ZOSI!
Jamoamiz ikkinchi davra oldidan himoya chizig‘ini yanada mustahkamlash maqsadida tarkibini yangi futbolchi bilan kuchaytirdi. Tajribali qanot himoyachisi Koffi Kouao endilikda jamoamiz sharafini himoya qiladi.
To‘liq ismi: Koffi Franck Kouao
Tug‘ilgan sanasi: 1998-yil 20-may
Tug‘ilgan joyi: Abidjan, Kot-d’Ivuar
Fuqaroligi: Kot-d’Ivuar
Bo‘yi: 1,73 metr
Asosiy pozitsiyasi: O‘ng qanot himoyachisi
Qo‘shimcha pozitsiyalari: Chap qanot himoyachisi, o‘ng yarim himoyachi
Oyog‘i: O‘ng
Faoliyati
Koffi Kouao futbolchilik faoliyatini Kot-d’Ivuarning mashhur ASEC Mimosas akademiyasida boshlagan. Keyinchalik Portugaliyaning Vizela klubiga ko‘chib o‘tgan va aynan shu yerda professional faoliyatini boshlagan. Faoliyati davomida Moreirense hamda Famalikão klublarida ijara asosida to‘p surgan. 2022-yilda Fransiyaning Metz klubiga transfer qilinib, jamoaning asosiy himoyachilaridan biriga aylangan.
Xalqaro faoliyati
Kouao Kot-d’Ivuar U-23 terma jamoasi sharafini himoya qilgan va yoshlar o‘rtasidagi xalqaro musobaqalarda ishtirok etgan.
Koffi Kouao tezkorligi, kurashuvchanligi va himoyadagi ishonchli harakatlari bilan ajralib turadi. U qanot bo‘ylab faol o‘ynaydi, hujumlarga qo‘shila oladi, aniq uzatmalar amalga oshiradi hamda zarurat tug‘ilganda chap qanot himoyasida ham samarali harakat qiladi.
Futbolchi 2026-yil yozida Metz bilan shartnomasi yakunlangach, erkin agent maqomiga ega bo‘ldi. Professional faoliyati davomida Fransiya va Portugaliya chempionatlarida 200 dan ortiq rasmiy uchrashuvlarda maydonga tushgan tajribali himoyachi hisoblanadi.
Ayni paytda Transfermarkt portali Koffi Kouaoning transfer qiymatini 2,5 million yevro etib baholamoqda. Mazkur ko‘rsatkich uni O‘zbekiston futbolidagi eng qimmat transfer qiymatiga ega futbolchiga aylantiradi. Shuningdek, Kouao transfer qiymati bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi tarixida to‘p surgan eng qimmat futbolchilar qatoridan joy olmoqda. Uning tajribasi, tezkorligi va himoyadagi ishonchli o‘yini jamoamiz mudofaa chizig‘ini yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
Xush kelibsiz, Koffi Kouao!