Yangiliklarga qaytish
Klub yangiliklari

O‘zbekiston futbol hakamlari markazi rahbari, xalqaro darajadagi tajribali mutaxassis Farhod Abdullaev bilan uchrashuv

2-oktabr, 2026·2 min o'qish·10
NEFTCHI FC

«Neftchi» qarorgohida O‘zbekiston futbol hakamlari markazi rahbari, xalqaro darajadagi tajribali mutaxassis Farhod Abdullaev bilan uchrashuv o‘tkazildi

Xabaringiz bor, O‘FA prezidenti tomonidan mamlakatimizda futbol hakamligini tubdan rivojlantirish, sohada zamonaviy standartlarni joriy etish hamda xalqaro talablarga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlash borasida muhim vazifalar belgilab berilgan edi. Kuni kecha O‘zbekiston futbol hakamlari markazi rahbari etib tayinlangan, jahon futboli hamjamiyatida o‘zining yuksak nufuzi, 30 yildan ortiq boy tajribasi, shuningdek, 2018, 2022 va 2026 yillardagi Jahon chempionatlari hakamlarini tayyorlash panelidagi faoliyati bilan e’tirof etilgan FIFA va O‘FAning tajribali eksperti Farhod Abdullaev «Neftchi» futbol klubiga tashrif buyurdi.

Klubimiz qarorgohida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda «Neftchi» PFK rahbariyati hamda murabbiylar shtabi ishtirok etdilar.

Muloqotning asosiy yo‘nalishlari va muhokama qilingan masalalar:


Yuqori saviyadagi amaliy tahlil: Yig‘ilish davomida mutaxassis o‘zining ulkan xalqaro tajribasiga tayanib, turli o‘yin vaziyatlarini ekranda professional tarzda namoyish etdi va ularning hakamlik nuqtayi nazaridan qanday baholanishini atroflicha tahlil qilib berdi.

Ochiq savol-javoblar: Murabbiylar o‘yin amaliyotida yuzaga kelayotgan bahsli vaziyatlar, hakamlik qarorlari hamda VAR tizimidan foydalanish tartiblari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga yuqori malakali mutaxassisdan batafsil va asosli javoblar olishdi.

Yangi raqamli platforma: Klublar hakamlikka oid biron-bir savol, taklif yoki tushunmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, maxsus platforma orqali bevosita murojaat qilishlari va mutaxassislardan tezkor javob olishlari mumkinligi ma’lum qilindi.

Uchrashuv davomida asosiy e’tibor ochiqlik, o‘zaro muloqot va yuzaga kelayotgan masalalarni birgalikda hal etishga qaratildi.


Fursatdan foydalanib, «Neftchi» futbol klubi jamoasi Farhod Abdullaevni yangi mas’uliyatli lavozim – O‘zbekiston futbol hakamlari markazi rahbari etib tayinlangani bilan samimiy muborakbod etadi. Unga ushbu sharafli va mas’uliyatli faoliyatida ulkan zafar va muvaffaqiyatlar tilaymiz. Ishonamizki, uning boy xalqaro tajribasi va chuqur bilimi kelgusida o‘zbek hakamlik tizimini yanada rivojlantirishga, sohada adolat va sifat mezonlarini yangi bosqichga ko‘tarishga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi.

O‘zbekiston futbol hakamlari markazi vakillari klublar bilan doimiy va yaqin muloqotlar davom ettirilishini, tajribali mutaxassis ishtirokida bildirilgan amaliy takliflar hakamlik tizimini yanada takomillashtirishda muhim asos bo‘lishini ta’kidladilar.


«Neftchi» futbol klubi rahbariyati o‘z navbatida bunday yuksak saviyadagi ochiq muloqot, qimmatli tavsiyalar va tashrif uchun mutaxassisga o‘zining chuqur minnatdorchiligini bildiradi.


"Neftchi" PFK matbuot xizmati


Ulashish

O'xshash yangiliklar