G‘IYOSOVDAN DUBL, YOVOVICHDAN SUPERGOL: "NEFTCHI"DAN NAVBATDAGI YORQIN G‘ALABA!

Bahs ilk daqiqalardanoq yuqori temp va shiddatli kurashlar ostida boshlandi. Uchrashuvni faol boshlagan vakillarimiz to‘p nazoratini qo‘lga olishga intilishdi, biroq dastlabki xavfli vaziyatni "Bunyodkor" futbolchilari yaratib, kuchli zarba yo‘llashdi va bu vaziyatda Botirali Ergashev ajoyib reaksiya ko‘rsatib, jamoamizni muqarrar goldan saqlab qoldi. Bu seyv futbolchilarimizni yanada ruhlantirib yubordi va 7-daqiqada chap qanotdan uyushtirilgan tezkor hujumni Vladimir Yovovich olis masofadan yo‘llagan kuchli va aniq zarbasi bilan supergolga aylantirdi — 1:0! Goldan so‘ng bosimni yanada oshirgan Islombek Ismoilov shogirdlari 11-daqiqada o‘ng qanotdan chiroyli kombinatsiya tashkil etishdi va jarima maydonchasi ichida qulay vaziyatga chiqqan Xurshid G‘iyosov darvozani ishg‘ol qilib, jamoamiz ustunligini mustahkamladi — 2:0.O‘tkazib yuborilgan ikki goldan keyin "Bunyodkor" vaziyatni o‘nglash maqsadida oldinga tashlandi va 25-daqiqada mehmonlarning tezkor qarshi hujumi juda xavfli tus oldi: dastlab yo‘llangan zarba darvoza to‘siniga tegib qaytdi, qaytgan to‘pga esa Abdulhamid Ikromov bosh bilan zarba berdi, to‘p darvoza yonginasidan o‘tib ketdi. 40-daqiqada raqib jamoa yana bir bor darvozamizga xavf soldi, ammo bu safar ham Botirali Ergashev o‘z o‘rnida ishonchli harakat qilib, to‘pni qaytarishga erishdi. Bo‘lim so‘ngida esa Zoran Marushichda hisobni yirik ko‘rinishga keltirish uchun qulay imkoniyat yuzaga keldi, biroq uning zarbasiga biroz aniqlik yetishmadi va shu tariqa jamoalar tanaffusga 2:0 hisobida yo‘l olishdi.
Ikkinchi bo‘limni mehmonlar faolroq boshlab, o‘yinda burilish yasashga intilishdi. Biroq 55-daqiqada vakillarimizning tezkor qarshi hujumi raqib rejalarini puchga chiqardi: qulay vaziyatda to‘pni qabul qilib olgan Xurshid G‘iyosov sovuqqonlik bilan aniq zarba yo‘llab, o‘z hisobiga dubl rasmiylashtirdi — 3:0! Uchrashuv tizginini to‘liq qo‘lga olgan Islombek Ismoilov shogirdlari raqib jarima maydonchasi atrofida tinimsiz bosim uyushtirib, birin-ketin xavfli vaziyatlar yaratishda davom etishdi. 74-daqiqada navbatdagi chiroyli kombinatsiya gol bilan yakunlandi: Ibrohim Halil Yo‘ldoshevning qanotdan zargarona uzatmasiga birinchi bo‘lib yetib kelgan Jamshid Iskanderov boshi bilan darvozani ishg‘ol qilib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi — 4:0!
Qolgan daqiqalarda ham futbolchilarimiz hujumkorlikni susaytirishmadi va yana bir qator golli vaziyatlarni yuzaga keltirishdi, ammo darvozalarga boshqa to‘p kiritilmadi. Shu tariqa, sevimli jamoamiz muxlislari ko‘z o‘ngida yorqin va ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritib, chempionlik sari yana bir dadil qadam tashladi!
O‘ZBEKISTON SUPERLIGASI
14-noyabr qoldirilgan 26-tur
Fargʼona shahar, "Istiqlol" stadioni soat 18:00
"NEFTCHI" 4:0
"BUNYODKOR"
Gollar: Vladimir Yovovich, 7'(1:0), Xurshid G‘iyosov, 11'(2:0), Xurshid G‘iyosov, 55'(3:0), Jamshid Iskanderov, 74'(4:0)
Bosh hakam: Shavkat Nasibullayev
Yordamchi hakamlar: Jamshid Bakirov, Farrux Bekmurodov
Zaxira hakami: Asadbek Qosimjonov
VAR: Abdurashid Xudoyberganov
AVAR: Ruslan Serazitdinov
Nazoratchi: Zokir Qodirov
Komissar: Sherzod Rajabov
"Neftchi": 1.Botirali Ergashev, 4.Boyan Siger, 5.Ikrom Aliboyev, 8.Vladimir Yovovich(21.Muxsinjon Ubaydullayev,61'), 9.Hurshid Gʻiyosov, 10.Jamshid Iskanderov, 11.Asilbek Jumayev(71.Bilolxon Toshmirzayev,55'), 20.Anvarjon Gʻofurov, 32.Zoran Marushich(27.Nurbek Sarsenbayev,61'), 34.Farrux Sayfiyev(6.Ibrohim Halil Yo‘ldoshev,61'), 52.Koffi Kouao(2.Izzatillo Po‘latov, 72')
Zaxiradagilar: 45.Akbar To‘rayev,14.Abdulla Abdullayev, 22.Alisher Odilov, 30.Rustambek Fomin
Bosh murabbiy: Islombek Ismoilov