QO‘SHIB BERILGAN DAQIQALARDAGI ALAMLI MAG‘LUBIYAT

Uchrashuv jamoamizning faol hujumlari bilan boshlandi va vakillarimiz raqib darvozasi oldida ketma-ket xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishdi. Mehmonlar esa dastlabki daqiqalardanoq katta bosim ostida himoyalanishga majbur bo‘lishdi. Kutilganidek, ushbu bosim tez orada o‘z samarasini berdi: 16-daqiqada burchak to‘pi uzatilayotgan vaziyatda mehmonlar himoyachisi to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi va bosh hakam ikkilanishlarsiz penalti belgiladi. Nuqtaga yaqinlashgan Jamshid Iskanderov imkoniyatdan qoyilmaqom tarzda foydalanib, hisobni ochdi – 1:0!
Urilgan goldan so‘ng ham futbolchilarimiz tempni tushirishmadi va 27-daqiqada darvozani yana bir bor ishg‘ol etishdi. Biroq bu vaziyatda qanot hakami ofsayd qayd etgani bois gol inobatga olinmadi. Shundan keyin mehmonlar vaziyatni o‘nglash uchun katta kuch bilan oldinga tashlanishdi va 34-daqqiqada darvozamizga gol urib, muvozanatni tiklashdi – 1:1.
O‘tkazib yuborilgan goldan so‘ng vakillarimiz tushkunlikka tushmay, hujumkorlikni davom ettirishdi. Ammo yo‘llangan zarbalarga biroz aniqlik yetishmadi va birinchi bo‘lim durang natija bilan yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limni faol boshlagan mehmonlar darvozamiz oldida bir qancha xavfli vaziyatlarni sodir etishdi. Biroq ularning urinishlari samarasiz yakunlandi. Shundan so‘ng tashabbusni o‘z qo‘liga olgan jamoamiz ketma-ket hujumlar seriyasini tashkil qildi. Vakillarimizning bosimi natijasida to‘p bir necha bor raqib darvoza ustuniga tegib qaytdi. O‘yin nazoratini to‘liq o‘zida ushlab turgan futbolchilarimiz gol urishga juda yaqin kelishgandi, ammo ko‘plab vaziyatlarda vakillarimizga biroz omad yetishmadi.
Uchrashuvning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa kutilmagan voqea yuz berdi: qarshi hujumga o‘tgan mehmonlar xavfli nuqtada jarima to‘pi ishlab olishdi. Standart vaziyatni aniq amalga oshirgan Youssef En-Nesyri mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi – 1:2. Ushbu dramatik goldan so‘ng hisob o‘yin oxiriga qadar o‘zgarmadi va vakillarimiz achinarli mag‘lubiyatni tan olishga majbur bo‘lishdi.
AFK CHAMPIONS LEAGUE ELIT
26 oktyabr 3-tur
Farg‘ona shahar, "Istiqlol" stadioni soat 18:45
"NEFTCHI" 1:2
"AL-ITTIHAD"
Gollar: Jamshid Iskanderov, 17' pen (1:1), Houssem Eddine 34' (1:1), Youssef En-Nesyri, 90+1'(1:2)
Bosh hakam: Adham Makhadmen (Iordaniya)
Yordamchi hakamlar: Mohammad Alkalaf, Ahmad Moannes Alroalle (Iordaniya)
Zaxira hakami: Mohammad Ghabayen (Iordaniya)
VAR: Khamis Al-Marri (Qatar)
AVAR: Juma Al-Burshaid (Qatar)
Nazoratchi: Esmaeil Safiri (Eron)
Komissar: Rashid Al-Dosari (Qatar)
“Neftchi”: 1.Botirali Ergashev, 3.Michel Augusto, 4.Bojan Ciger(20.Anvarjon G‘ofurov,46'), 7.Abrorbek Ismoilov(9.Xurshid G‘iyosov,79'), 8.Vladimir Jovovich(31.Yan Sasse, 46'), 10.Jamshid Iskanderov, 22.Alisher Odilov(6.Ibrohim Halil Yo‘ldoshev,70'), 34.Farrux Sayfiyev, 52.Koffi Kouao 77.Francisco Jurani Ferreira, 88.Markus Forss(11.Asilbek Jumayev, 87')
Zaxira futbolchilari: 45.Akbar To‘rayev, 2.Izzatillo Pulatov, 15.Nurmuhammad Abdug‘aniyev, 17.Azizbek Murotov, 19.Azizbek Erimbetov, 27.Nurbek Sarsenbayev, 71.Bilolxon Toshmirzayev
Bosh murabbiy : Islombek Ismoilov