"NEFTCHI"DAN SUPER KAMBEK VA MUHIM OCHKO!

Birinchi bo‘lim har ikkala jamoaning shiddatli hujumlari ostida boshlandi. Vakillarimiz o‘yin boshida hisobni ochishga yaqin kelgan bo‘lsalar-da, 20-daqiqada mehmonlar hisobda oldinga chiqib olishdi: Ibrohimhalil Yo‘ldoshevning xatosidan foydalangan Oliver Uotkins aniq zarba bilan darvozani ishg‘ol etdi — 0:1.Goldan keyin jamoamiz bosimni kuchaytirib, bir necha xavfli hujumlar uyushtirdi, biroq raqib himoyachilari zarbalarni bartaraf etishdi. 28-daqiqada esa mehmonlar tezkor qarshi hujumni gol bilan yakunlashdi — Gabriel Martinelli hisobni oshirdi — 0:2. 35-daqiqada jamoamizning chiroyli kombinatsiyasidan so‘ng Abrorbek Ismoilovning uzoqdan yo‘llagan kuchli zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytdi. 40-daqiqada Alisher Odilovning zarbasiga aniqlik yetishmadi. Bo‘lim oxirigacha davom etgan bosimga qaramay, hisob o‘zgarmadi — jamoalar tanaffusga chiqib ketishdi.
Tanaffusdan so‘ng maydonga mutlaqo boshqacha kayfiyat va yuksak jangovar ruh bilan qaytgan vakillarimiz raqib darvozasi oldida haqiqiy bo‘ron ko‘tarishdi. 50-daqiqada tinimsiz bosim o‘z samarasini berdi: chap qanotdan uzatilgan to‘pga ega chiqqan Abrorbek Ismoilov kuchli va aniq zarbasi bilan hisobni qisqartirib, stadionni larzaga keltirdi — 1:2! Kiritilgan goldan qanotlangan yigitlarimiz hujumlar to‘lqinini yanada kuchaytirishdi. 59-daqiqada Alisher Odilov boshi bilan raqib darvozasini chiroyli tarzda ishg‘ol qilgan edi, biroq hakamlar ushbu vaziyatda o‘yindan tashqari holat (ofsayd) qayd etib, golni bekor qilishdi.Biroq bu qaror ham jamoamiz shashtini so‘ndira olmadi va 70-daqiqada maydonda adolat qaror topdi! Chap qanotdan katta tezlikda yorib kirgan Alisher Odilov kuchli zarba yo‘lladi — darvozabon to‘pni qaytardi, ammo qaytgan to‘p mehmonlar himoyachisiga tegib darvoza to‘ridan joy oldi — 2:2! Muvozanat tiklanganidan keyin ham "Neftchi" to‘liq ustunlikni o‘z qo‘lida saqlab, g‘alabani ilib ketish uchun bir qator keskin vaziyatlar yaratdi. Biroq final hushtagi yangragunga qadar darvozalar boshqa ishg‘ol etilmadi va jamoalar murosasiz jangovar durangga imzo chekishdi.
AFK CHAMPIONS LEAGUE ELIT
23 noyabr 5-tur
Farg‘ona shahar, "Istiqlol" stadioni soat 18:45
"NEFTCHI" 2:2
"AL-HILOL"
Gollar: Oliver Watkons, 20'(0:1), Gabriel Martinelli, 28'(0:2), Abrorbek Ismoilov, 49'(1:2), Yusuf Akchichek, 70' AG (2:2)
Bosh hakam: Abdullah Jamali (Quvayt)
Yordamchi hakamlar: Saoud Al Shemali, Ali Jraq (Quvayt)
Zaxira hakami: Ammar Ashkananl (Quvayt)
VAR: Abdullah Arab (Quvayt)
AVAR: Abdullah Al Kandari (Quvayt)
Nazoratchi: Kwon Jong Chul (Janubiy Koreya)
Komissar: Nasir Abdalla Ali Qasim Alobeidli (BAA)
“Neftchi”: 1.Botirali Ergashev, 3.Michel Augusto, 5.Ikrom Aliboyev, 6.Ibrohim Halil Yo‘ldoshev, 7.Abrorbek Ismoilov(8.Vladimir Yovovich,67'), 10.Jamshid Iskanderov(77.Ratinyo,67'), 20.Anvarjon G‘ofurov, 22.Alisher Odilov(9.Xurshid G‘iyosov,80'), 31.Yan Sasse(52.Koffi Kouao,67'), 34.Farrux Sayfiyev, 88.Marcus Forss(32.Zoran Marushich, 80')
Zaxira futbolchilari: 45.Akbar To‘rayev, 2.Izzatillo Pulatov, 11.Asilbek Jumayev, 15.Nurmuhammad Abdug‘aniyev, 21.Muxsinjon Ubaydullayev, 23.Yovan Jokich, 71.Bilolxon Toshmirzayev
Bosh murabbiy : Islombek Ismoilov
“Neftchi” PFK matbuot xizmati