Yangiliklarga qaytish
Match report

SO‘NGGI DAQIQAGACHA KURASH: "NEFTCHI" KAMCHILIKDA HAM TASLIM BO‘LMADI

20-noyabr, 2026·2 min o'qish·2
NEFTCHI FC

Uchrashuvning ilk daqiqalaridanoq jamoamiz tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Mazmunli kombinatsiyalar evaziga o‘yin tizginini ushlab turgan vakillarimiz 13-daqiqadayoq raqib darvozasi oldida ilk jiddiy xavfni yuzaga keltirishdi: burchakdan oshirilgan to‘pga Boyan Siger boshi bilan kuchli zarba yo‘lladi, biroq mezbonlar posboni O‘tkir Yusupov ajoyib reaksiya namoyish etib, jamoasini muqarrar goldan qutqarib qoldi. Oradan olti daqiqa o‘tib, maydon egalari ham o‘z so‘zini aytishga urinib ko‘rishdi — uzoq masofadan yo‘llangan kuchli zarbani darvozabonimiz Botirali Ergashev bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi. Tezkor qarshi hujumlarga tayangan futbolchilarimiz 26-daqiqada o‘z maqsadlariga yetishdi. To‘pni qabul qilib olgan Alisher Odilov raqib himoyachisini mohirona tarzda ortda qoldirdi va darvoza tomon aniq zarba yo‘llab, uchrashuvda hisobni ochdi — 0:1! O‘tkazib yuborilgan goldan so‘ng mezbonlar bor e’tiborlarini hujumga qaratishdi. 41-daqiqada Vladimir Yovovichning qo‘pol harakati tufayli maydondan chetlatilishi esa vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Bir kishi kam bo‘lib qolgan farg‘onaliklar bir daqiqa o‘tib himoyada xatoga yo‘l qo‘yishdi: jarima maydoni atrofida qarovsiz qoldirilgan Jasur Jaloliddinov olis masofadan kuchli va aniq zarba yo‘llab, muvozanatni tikladi — 1:1. Jamoalar tanaffusga aynan shu jangovar durang bilan yo‘l olishdi.

Ikkinchi bo‘limda mezbonlar hujumkorlikni keskin oshirib, darvozamiz oldida ketma-ket xavfli vaziyatlarni yuzaga keltira boshlashdi. Bosim 53-daqiqada o‘z samarasini berdi: chap qanotdan jarima maydoniga uzatilgan to‘pga hammadan chaqqon harakat qilgan Joel Kojo boshi bilan aniq zarba yo‘llab, namanganliklarni hisobda oldinga olib chiqdi — 2:1. Goldan ruhlangan maydon egalari oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas ustunlikni mustahkamlashdi. 55-daqiqada jarima maydoni tashqarisidan kuchli va chiroyli zarba yo‘llagan Diyor Xolmatov darvozamizni ishg‘ol etib, tablodagi hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi. Ishonchli ustunlikka ega bo‘lgan mezbonlar shundan keyin ham bir qator keskin hujumlar uyushtirishdi. Biroq bir kishi kam bo‘lib harakatlanishiga qaramay, iroda ko‘rsatgan vakillarimiz 77-daqiqada ajoyib kombinatsiya tashkil etishdi va hujumni Kofi Kouao aniq zarbasi bilan yakunlab, hisobdagi farqni qisqartirdi — 3:2. Uchrashuvning qolgan daqiqalarida futbolchilarimiz muvozanatni tiklash uchun bor kuchlari bilan oldinga intilishdi, ammo yakuniy hushtak yangraguniga qadar hisob o‘zgarishsiz qoldi.

Afsuski, mazkur uchrashuvda ochko qo‘lga kiritish nasib etmadi, biroq bu natija chempionlik yo‘lidagi kurash to‘xtaganini anglatmaydi. Oldinda hali hal qiluvchi bellashuvlar bisyor va "Neftchi"ning oltin medallar uchun imkoniyatlari to‘la saqlanib turibdi. Ishonamizki, futbolchilarimiz keyingi o‘yinlarda o‘zlarining haqiqiy kuchini namoyon etib, sadoqatli muxlislarimizning yuksak ishonchini munosib tarzda oqlashadi!

O‘ZBEKISTON SUPERLIGASI
20-noyabr  qoldirilgan 28-tur
Namangan shahar, "Markaziy" stadioni  soat 18:30
"NAVBAHOR"  3:2
"NEFTCHI"
Gollar: Alisher Odilov, 26' (0:1), Jasur Jaloliddinov, 42'(1:1)
Chetlashtirish: Vladimir Yovovich, 41'("Neftchi") , Kojo Joyel, 53'(2:1), Diyor Xolmatov, 55'(3:1), Koffi Kouao, 77'(3:2)

Bosh hakam: Timur To‘xtasinov
Yordamchi hakamlar: Anvarjon Marajabov, Ziyodullo Abduraxmanov
Zaxira hakami: Asadbek Qosimjonov
VAR: Firdavs Norsafarov
AVAR: Timur Gaynullin
Nazoratchi: Marat Ismailov
Komissar: Jalolxon Inog‘omxo‘jayev

"Neftchi": 1.Botirali Ergashev, 4.Boyan Ciger, 5.Ikrom Aliboyev, 7.Abrorbek Ismoilov11.Asilbek Jumayev,68'), 8.Vladimir Yovovich, 10.Jamshid Iskanderov(27.Nurbek Sarsenbayev,59'), 20.Anvarjon G‘ofurov, 22.Alisher Odilov(77.Ratinyo,46') 32.Zoran Marushich(9.Xurshid G‘iyosov,59'), 34.Farrux Sayfiyev, 52.Koffi Kouao(6.Ibrohim Halil Yo‘ldoshev, 85')

Zaxiradagilar: 45.Akbar To‘rayev, 2.Izzatillo Po‘latov, 15.Nurmuhammad Abdug‘aniyev, 21.Muxsinjon Ubaydullayev

Bosh murabbiy: Islombek Ismoilov

Ulashish

O'xshash yangiliklar