DRAMATIK UCHRASHUVDA JAMOAMIZ JANGOVAR DURANG QAYD ETDI

Masqatdagi uchrashuv vakillarimizning shiddatli hujumlari bilan boshlandi. Dastlab Asilbek Jumayev, keyin esa Markus Forss raqib darvozasini ishgʻol etish uchun qulay imkoniyatga ega boʻlishdi, biroq yakuniy zarbaga aniqlik yetishmadi. Oʻyin tizginini toʻliq oʻz qoʻliga olgan jamoamiz bosimni yanada oshirdi. Yan Sasse, Alisher Odilov va Asilbek Jumayevlar bir necha bor darvoza tomon kuchli zarbalar yoʻllashdi, ammo toʻp darvoza toʻriga borib tushmadi. Birinchi boʻlim davomida yaqqol ustunlik vakillarimiz tomonida boʻlganiga qaramay, tanaffusga qadar hisob ochilmadi.
Ikkinchi boʻlim ham toʻliq vakillarimizning ustunligi ostida boshlandi. Ketma-ket tashkil etilgan xavfli kombinatsiyalar raqib mudofaasini ancha sarosimaga solib qoʻydi. Nihoyat, 53-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Stipe Peritsa oradan bor-yoʻgʻi ikki daqiqa oʻtib, 55-daqiqada hisobni ochishga muvaffaq boʻldi — 0:1! Urilgan goldan ruhlangan futbolchilarimiz bosimni yanada kuchaytirib, oldinga intilayotgan bir vaziyatda, eronliklar 82-daqiqada qarshi hujumdan unumli foydalanib, muvozanatni tiklashdi — 1:1. Shunga qaramay, vakillarimiz aslo tushkunlikka tushishmadi. Aksincha, gʻalaba sari intilishda davom etgan jamoamiz safida zaxiradan oʻyinga qoʻshilgan Vladimir Jovovich 90+4-daqiqada uzoq masofadan yoʻllagan super zarbasi bilan fargʻonaliklarni yana oldinga olib chiqdi — 1:2! Afsuski, hakamning yakuniy hushtagi chalinishiga sanoqli soniyalar qolganida, eronliklar yana bir bor darvozamizni ishgʻol etib, hisobni tenglashtirishga erishishdi — 2:2. Ushbu hisob oʻyin yakuniga qadar oʻzgarmadi va uchrashuv jangovar durang bilan nihoyasiga yetdi.
AFK CHAMPIONS LEAGUE ELIT
2-noyabr 4-tur
Maskat shahri, "Sultan Qaboos Sports Complex" stadioni
"TRAKTOR" 2:2
"NEFTCHI"
Gollar: Stipe Perica, 55'(0:1), Tomislav Strkalj, 82'(1:1), Vladimir Yovovich, 94'(1:2), Masoud Zaerkazemayn, 90+9' (2:2)
Bosh hakam: Choi Hueon Jai (Janubiy Koreya)
Yordamchi hakamlar: Jang Jung Pil, Chun Jin Hee (Janubiy Koreya)
Zaxira hakami: Chhe Ssn Hueop (Janubiy Koreya)
VAR: Kim Voosung (Janubiy Koreya)
AVAR: Choi Chul Jun (Janubiy Koreya)
Nazoratchi: Hasan Mohamed Almahri (BAA)
Komissar: Waleed Mohammed Taher (BAA)
"Neftchi": 1.Botirali Ergashev, 3.Michel Augusto, 4.Boyan Ciger(9.Xurshid G‘iyosov,86'), 6.Ibrohim Halil Yo‘ldoshev, 11.Asilbek Jumayev(10.Jamshid Iskanderov,46'), 15.Nurmuhammad Abdug‘aniyev(18.Stipe Perica,53'), 22.Alisher Odilov, 31.Yan Sasse, 34.Farrux Sayfiyev, 77.Ratinyo(8.Vladimir Yovovich,75'), 88.Marcus Forss(7.Abrorbek Ismoilov, 46')
Zaxiradagilar: 45.Akbar To‘rayev, 19.Azizbek Erimbetov, 27.Nurbek Sarsenbayev, 28.Muhammadqodir Rasuljonov, 30.Rustambek Fomin, 71.Bilolxon Toshmirzayev
Bosh murabbiy: Islombek Ismoilov