IRODALI G‘ALABA! "El-KLASSIKO"DA "PAXTAKOR" TASLIM ETILDI!

Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq maydon egalari faollikni oshirib, darvozamiz oldida ketma-ket xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishga urindi. Biroq tez orada tashabbusni o'z qo'liga olgan vakillarimiz toshkentliklar mudofaasini jiddiy bosim ostida qoldira boshladi. Ayniqsa, Yovovich, Iskanderov va Sayfiyevda hisobni ochish uchun qulay imkoniyatlar yuzaga kelgan bo'lsa-da, hujumlarni yakunlashda futbolchilarimizga biroz aniqlik yetishmadi.O'yinning 23-daqiqasiga kelib esa mezbonlarning navbatdagi qarshi hujumi xavfli tus oldi: jarima maydonchamiz ichiga yorib kirgan Flamarion yiqitildi va bosh hakam ikkilanmasdan penalti belgiladi. Nuqtaga yaqinlashgan Doston Hamdamov esa imkoniyatdan unumli foydalanib, darvozamizni aniq nishonga oldi va toshkentliklarni hisobda oldinga olib chiqdi – 1:0.O'tkazib yuborilgan goldan so'ng ham vakillarimiz tushkunlikka tushmay, bor e'tiborini hujumga qaratdi va oldinga intilishda davom etdi. Ammo raqib himoyasini yorib o'tishga qaratilgan barcha urinishlar bo'lim yakuniga qadar samara bermadi va jamoalar tanaffusga mezbonlarning minimal ustunligi bilan yo'l olishdi.
Ikkinchi bo'limni bir qator taktik o'zgarishlar bilan boshlagan jamoamiz dastlabki daqiqalardanoq hujumkorlikni yuqori pallaga ko'tardi. Vakillarimizning tinimsiz bosimi nihoyat 55-daqiqada o'z samarasini berdi: chap qanotdan katta tezlikda raqib jarima maydonchasi ichiga yorib kirgan Alisher Odilov to'pni qulay pozitsiyada turgan Stipe Peritsaga yetkazib berdi. Hujumchimiz esa yuzaga kelgan imkoniyatdan unumli foydalanib, birgina aniq zarba bilan raqib darvozasini ishg'ol etdi va muvozanatni tikladi – 1:1.
Kiritilgan goldan so'ng ruhan ustunlikka ega bo'lgan vakillarimiz bosimni yanada kuchaytirishdi. O'yinning 66-daqiqasida esa uchrashuvning eng chiroyli gollaridan biri kiritildi. Raqib mudofaasining bir nechta himoyachisini ohangrabodek mahorat bilan aldab o'tgan Koffi Koaua darvozani aniq nishonga olib, jamoamizni hisobda oldinga olib chiqdi – 1:2.Biroq yigitlarimiz erishilgan yutuq bilan to'xtab qolishmadi. Navbatdagi xavfli hujumlarning birida Stipe Peritsaga qarshi himoyachilar qo'pollik ishlatishga majbur bo'lishdi. Bu vaziyatda raqib vakili so'nggi umid qo'polligini ishlatgani bois, uchrashuv bosh hakami unga to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka ko'rsatib, maydondan chetlatdi va darvoza tomon penalti belgiladi. Nuqtaga yaqinlashgan Jamshid Iskanderov o'ta sovuqqonlik bilan zarba yo'llab, hisobni yirik ko'rinishga keltirdi – 1:3.Ushbu hisob hakamning yakuniy hushtagi yangraguncha o'zgarmasdan qoldi. Shu tariqa, jamoamiz o'zbek futbolining ashaddiy va murosasiz "El-Klasiko"sida irodali hamda o'ta muhim g'alabani qo'lga kiritib, turnir jadvalidagi peshqadamligini yanada mustahkamlab oldi.
O‘ZBEKISTON SUPERLIGASI
23 oktyabr 25-tur
Toshkent shahar, "Paxtakor" stadioni soat 19:00
"PAXTAKOR" 1:3
"NEFTCHI"
Gollar: Doston Hamdamov, 23' pen (1:0), Stipe Perica, 55'(1:1), Koffi Kouao, 66'(1:2), Jamshid Iskanderov, 89' pen (1:3)
Bosh hakam: Firdavs Norsafarov
Yordamchi hakamlar: Farhod Usmonov, Elnur Doniyorov
Zaxira hakami: Nikita Mustafin
VAR: Nayim Qosimov
AVAR: Alisher Raximqulov
Nazoratchi: Zokir Qodirov
Komissar: Bekzod Oripov
"Neftchi": 1.Botirali Ergashev, 4.Boyan Ciger, 5.Ikrom Aliboyev, 8.Vladimir Yovovich(77.Ratinyo,70'), 10.Jamshid Iskanderov, 15.Nurmuhammad Abdug‘aniyev(7.Abrorbek Ismoilov,46'), 20.Anvarjon G‘ofurov, 21.Muxsinjon Ubaydullayev(22.Alisher Odilov,46'), 32.Zoran Marushich(18.Stipe Perica,31'), 34.Farrux Sayfiyev, 52.Koffi Kouao(6.Ibrohim Halil Yo‘ldoshev, 70')
Zaxira:
45.Akbar To‘rayev, 9.Xurshid G‘iyosov, 11.Asilbek Jumayev, 71.Bilolxon Toshmirzayev
Bosh murabbiy: Islombek Ismoilov
"Neftchi" PFK matbuot xizmati