FARG‘ONANING IRODALI "NEFTCHI"SI

Uchrashuv ilk daqiqalaridanoq har ikkala jamoa yuqori temp va faollik namoyish etib, hujumkor futbol tarafdori ekanliklarini ko‘rsatishdi. Uchrashuvdagi debyut golli vaziyat 18-daqiqada sodir bo‘ldi: mehmonlar tashkil etgan xavfli qarshi hujumni kuchli va aniq zarba bilan yakunlashdi. Biroq bu vaziyatda mezbonlar posboni Botirali Ergashev superseyv ijro etib, o‘z mahoratini namoyish etdi va jamoasini muqarrar goldan qutqarib qoldi.
Bunga javoban vakillarimiz darhol tezkor kontrhujum uyushtirib, raqib jarima maydonchasi atrofida ketma-ket xavfli zarbalar seriyasini amalga oshirishdi, ammo ularga aniqlik yetishmadi. Birinchi bo‘lim «o‘zaro hujumlar jangi» ostida o‘tdi: har ikki tomonda ham gol urish uchun qulay imkoniyatlar yuzaga keldi. Shunday bo‘lsa-da, himoyachilarning fidokorona o‘yini va zarbalardagi noaniqliklar tufayli birinchi taymda darvozalar daxlsizligi saqlanib qoldi — 0:0.
Uchrashuvning ikkinchi bo‘limi vakillarimizning shiddatli va agressiv hujumlari bilan boshlandi. Katta kuch bilan oldinga tashlangan jamoamiz raqib jarima maydonchasini qamalga olib, ketma-ket golli vaziyatlarni yuzaga keltirdi, biroq yakuniy zarbalarga aniqlik yetishmadi.O‘yin oxirlashib borayotgan bir paytda, maydonda haqiqiy dramatik voqealar rivoji kuzatildi. 88-daqiqa o‘tib borayotganda, himoyadagi qo‘pol xatolikdan unumli foydalangan mehmonlar tezkor qarshi hujumga o‘tishdi va penalti ishlashga muvaffaq bo‘lishdi. Nuqtaga yaqinlashgan raqib sardori Giorgi Papava imkoniyatdan adashmay foydalandi — 0:1.Biroq, gol o‘tkazib yuborilganiga qaramay, vakillarimiz ruhan tushkunlikka tushishmadi va iroda ko‘rsatib, bor kuchlari bilan oldinga intilishdi. Hujumlarning birida jarima maydonchasi ichidan berilgan zarbani darvozabon qaytardi, qaytgan to‘pga birinchilardan bo‘lib yetib kelgan Nurbek Sarsenbayev esa kuchli va aniq zarba bilan hisobni tenglashtirdi — 1:1!Uchrashuvga hakam tomonidan qo‘shib berilgan dramatik 90+8-daqiqada esa Farg‘onada haqiqiy "portlash" yuz berdi: zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Xurshid G‘iyosov qoyilmaqom zarbasi bilan raqib darvozasini ishg‘ol etib, mezbonlarga o‘ta muhim bo‘lgan 3 ochkoni va super-irodali g‘alabani taqdim etdi — 2:1!
O‘ZBEKISTON SUPERLIGASI
8-noyabr 27-tur
Fargʼona shahar, "Istiqlol" stadioni soat 16:00
"NEFTCHI" 2:1
OKMK
Gollar: Giorgi Papava, 88' pen 0:1), Nurbek Sarsenbayev, 90'(1:1), Xurshid G‘iyosov, 90+8'(2:1)
Bosh hakam: Akobirxoʼja Shukurullayev
Yordamchi hakamlar: Alisher Usmonov, Sanjar Shoyusupov
Zaxira hakami: Alisher Toʼxtasinov
VAR: Firdavs Norsafarov
AVAR: Avaz Abdullayev
Nazoratchi: Olimjon Abduvasilov
Komissar: Vladimir Nazarov
"Neftchi": 1.Botirali Ergashev, 5.Ikrom Aliboyev, 7.Abrorbek Ismoilov(9.Xurshid G‘iyosov, 71'), 8.Vladimir Yovovich, 10.Jamshid Iskanderov(11.Asilbek Jumayev,71'), 15.Nurmuhammad Abdug‘aniyev, 18.Stipe Perisa(27.Nurbek Sarsenbayev,60'), 20.Anvarjon Gʻofurov, 22.Alisher Odilov(77.Ratinyo,71'), 34.Farrux Sayfiyev, 52.Koffi Kouao
Zaxiradagilar:
45.Akbar To‘rayev, 2.Izzatillo Po‘latov, 6.Ibrohim Halil Yo‘ldoshev, 50.Fayzullo Nurmuhammadov, 71.Bilolxon Toshmirzayev
Bosh murabbiy: Islombek Ismoilov