"NEFTCHI"

Professional futbol klubi

ROMAN SANJAR — YOSHLARIMIZ BOSH MURABBIYI

 

Qisqa ta’tildan qaytgan “Neftchi” (U-21) jamoamiz bugundan boshlab yangi bosh murabbiy Roman Nikolaevich Sanjar rahbarligida mashg‘ulotlarga kirishdi. Mashg‘ulotlarni boshlashdan avval jamoamiz rahbariyati bosh murabbiyni futbolchilar va murabbiylar shtabiga yaqindan tanishtirdi hamda unga jamoani boshqarish va yangi muvaffaqiyatlarga yo‘naltirish yo‘lida katta omadlar tiladi.

Tanishing: Roman Nikolaevich Sanjar 1979-yil 28-may kuni Ukrainaning Donetsk shahrida tavallud topgan. Futbolchilik faoliyatini 1994-yilda Donetsk shahrining “Shaxtyor” klubida boshlagan. Keyinchalik mahoratini oshirib, Donetsk “Metallurg”, Krivoy Rog “Krivbass”, Lugansk “Zarya” hamda Donetsk “Olimpik” jamoalarida yarim himoyachi sifatida to‘p surib, jamoatchilik e’tiboriga sazovor bo‘lgan.

2013-yilda futbolchilik faoliyatini yakunlab, “Olimpik” va Lvovning “Karpaty” jamoalarida murabbiylik faoliyatini boshladi.

 

Uning futbolchi sifatida erishgan yutuqlari qatorida:

• 2001/2002-yilgi mavsumda bronza medali sohibi,

• Ukraina Ikkinchi ligasining 1997/1998 va 2010/2011-yillardagi g‘olibi.

 

Murabbiy sifatida esa:

• 2013/2014-yilgi mavsumda Ukraina Birinchi ligasi g‘olibi,

• 2014/2015-yilda Ukraina Kubogi yarim finali ishtirokchisi,

• 2017-yilda Ukraina Premer-ligasining eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etilgan.

Roman Nikolaevichga yoshlar jamoasini boshqarish hamda asosiy tarkib uchun munosib o‘rinbosarlar tayyorlash yo‘lida ulkan zafarlar tilaymiz.

 

«Neftchi» PFK matbuot xizmati

Улашинг: