Yangiliklarga qaytish
Turnir

SHIDDATLI VA MUROSASIZ KECHGAN BAHSDA JAMOAMIZ CHIROYLI VA MUHIM GʻALABAGA ERISHDI

29-avgust, 2026·2 min o'qish·18
NEFTCHI FC

SHIDDATLI VA MUROSASIZ KECHGAN BAHSDA JAMOAMIZ CHIROYLI VA MUHIM GʻALABAGA ERISHDI

Bugungi uchrashuv jamoamizning shiddatli va tinimsiz hujumlari bilan boshlandi. Vakillarimiz dastlabki daqiqalardannoq raqibni o‘z jarima maydonchasiga qamab qo‘yib, ketma-ket xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishdi. Biroq, yakuniy zarbalarga aniqlik  yetishmadi.
O‘yinning 10-daqiqasiga kelib, mehmonlar maydondagi muvozanatni tiklash va tashabbusni o‘z qo‘llariga olishga harakat qilishdi. Ular qisqa paslar orqali pozision hujumlar tashkil etishga urinishdi, ammo himoyachilarimizning tartibli va ishonchli harakatlari tufayli bu faollik hech qanday xavfli tus olmadi.
Ko‘p o‘tmay, vakillarimiz yana katta kuch bilan oldinga tashlanishdi va o‘yin tizginini butunlay o‘z nazoratlariga qaytarishdi. Hujum chizig‘imizdagi faollik natijasida raqib darvozasi oldida haqiqiy "yong‘in" yuzaga keldi. Xususan, Vladimir Yovovichning kutilmagan aylanma zarbasi, Ibrohimhalil Yo‘ldoshevning qanotdan yorib kirib yo‘llagan kuchli zarbasi va Koffi Koauaning uzoq masofadan bergan shiddatli zarbasini mehmonlar posboni Sanjar Quvvatov katta qiyinchilik va mahorat evaziga qaytarishga erishdi.
Birinchi bo‘lim davomida futbolchilarimiz hisobni ochishga va o‘yinda yaqqol ustunlikka erishishga har qachongidan ham yaqinroq kelishgan edi. Biroq, raqib darvozabonining ishonchli o‘yini va biroz omadning yetishmagani sababli, jamoalar tanaffusga 0:0 hisobidagi durang bilan yo‘l olishdi.

Uchrashuvning ikkinchi bo‘limi ham maydondagi shiddat, ehtiroslar va keskin kurashlar bosimini yanada yuqori nuqtaga olib chiqdi. Maydonning har bir qarichi uchun kechgan bahsda har ikkala jamoa ham hisobni ochish va ustunlikni qo‘lga kiritish uchun bor kuch-quvvatini ishga soldi. Biroq, hujumkorlik va xavfli vaziyatlar yaratish bobida vakillarimiz raqibdan yaqqol ustunlik qilishdi.
Uchrashuv taqdirini murabbiylar shtabi tomonidan amalga oshirilgan son-sanoqli va o‘z vaqtidagi o‘zgarishlar hal qildi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘yin sur’atini sezilarli darajada oshirib, raqib himoyasini sarosimaga sola boshlashdi. Bu bosim tez orada o‘z mevasini berdi.
O‘yinning 81-daqiqasida stadion quvonchdan larzaga keldi: qanotdan havolatib uzatilgan chiroyli to‘pni to‘purar hujumchimiz Stipe Perisa o‘ziga xos mahorat va yuksak sakrash bilan boshi bilan raqib darvozasiga aniq yo‘naltirib, hisobni ochdi — 1:0!
Goldan keyin ham vakillarimiz himoyaga yotib olishmadi, aksincha, farqni oshirish uchun ketma-ket bir qator qulay imkoniyatlarni yuzaga keltirishdi. Garchi vaziyatlarning ba’zilarida aniqlik yetishmagan bo‘lsa-da, yakunda jamoamiz mana shu minimal ustunlikni ishonchli tarzda saqlab qoldi. Bu shiddatli bahsdagi muhim va zafarli g‘alaba jamoamizni musobaqaning keyingi bosqichiga olib chiqdi!

O‘ZBEKISTON KUBOGI 1/8 FINAL
29 avgust  soat 19:00
Farg‘ona shahar, "Istiqlol" stadioni
"NEFTCHI" - "PAXTAKOR" 1:0
Gollar: Stipe Perisa, 81'(1:0)

Bosh hakam: Shavkat Nasibullayev
Yordamchi hakamlar: Rasuljon Fozilov, Maksim Nexochin
Zaxira hakami: Doston Rahmonov
VAR: Asker Najafaliyev
AVAR: Baxtiyorxo‘ja Shavkatov
Nazoratchi: Baxtiyor Namazov
Komissar: Qudrat Madraimov

"Neftchi": 1.Botirali Ergashev, 4.Boyan Siger, 5.Ikromjon Aliboyev, 6.Ibrohim Halil Yo‘ldoshev(71.BilolxonToshmirzayev,46), 8.Vladimir Yovovich, 9.Hurshid Gʻiyosov(21.Muxsinjon Ubaydullayev,70), 11.Asilbek Jumayev(77.Ratino,80), 15.Nurmuhammad Abdug‘aniyev, 32.Zoran Marushich(18.Stipe Perisa,70), 34.Farrux Sayfiyev, 52.Koffi Koaua

Zaxira: 45.Akbar To‘rayev, 2.Izzatillo Po‘latov, 7.Abrorbek Ismoilov, 20.Anvarjon Gʻofurov, 30.Rustambek Fomin

Bosh murabbiy: Islombek Ismoilov

Ulashish