Yangiliklarga qaytish
Umumiy

ISHONCHLI G'ALABA

1-may, 2025·2 min o'qish·4
084A7002

Kecha "Istiqlol" markaziy o'yingohida O'zbekiston kubogi "Ye" guruhidan joy egallagan "Neftchi" hamda FARDU jamoalari o'rtasida 2-tur bellashuvi bo'lib o'tdi. Farg'ona derbisi maqomi bilan o'tkazilgan bu uchrashuvda katta tajribaga ega bo'lgan neftchilar yirik 3:1 hisobida ustunlikka erishdilar. Uchrashuv kutilganidek jamoamizning faol harakati bilan boshlandi va birinchi bo'lim oxiriga qadar ustunlik yaqqol neftchilar tomonida bo'ldi. Ushbu urinishlar va ketma-ket tashkil etilgan xavfli hujumlar 25-daqiqada samarali yakun topdi. Farrux Sayfievning uzoqdan raqiblar jarima maydonchasi ichiga tepalatib oshirgan uzatmasiga birinchi bo'lib yetib kelgan Ikrom Aliboev boshi bilan to'pni darvoza to'riga joylashga muvaffaq bo'ldi 1:0. Goldan ruhlangan vakillarimiz bosim o'tkazishda davom etdilar va 34-daqiqaga kelib tezkor hujum oqibatida chap qanotdan oshirilgan to'p Abror Ismoilovga kelib tushdi. Futbolchimiz esa bu vaziyatda mohirlik bilan yo'llagan kuchli zarbasi darvozaning pastki chap qismidan joy egalladi 2:0. Ikkinchi kiritilgan goldan so'ng jamoamizda hisobni oshirish uchun ko'plab qulay imkoniyatlar yaratilgan bo'lishiga qaramay tanaffusga qadar hisob o'zgarmadi. Ikkinchi bo'limda raqiblar maydonga yangi futbolchilarni tushirishdi. Zaxiridan o'yinga qo'shilgan futbolchilar bellashuvda jonbozlik ko'rsatib, darvozamizga bir necha bor xavfli zarbalarni amalga oshirishga erishdilar. Ushbu urinishlari esa oxir-oqibat 69-daqiqaga kelib golga aylandi. Chap qanotda katta tezlikda harakatlangan Shodiyor Hojimatov to'pni aniq uzatma bilan Sherali Rasulovga oshirdi. Bu vaziyatda Sherali mohirlik bilan to'pni darvoza to'riga joylashga erishadi 2:1. Goldan ruhlangan FARDU futbolchilari faollikni yanada kuchaytirishga urindilar. Ammo tajriba bobida ancha ustun turgan vakillarimiz 75-daqiqada uchinchi golni kiritishga muvaffaq bo'lishdi. O'ng qanotdan hujumga o'tgan gruziyalik legionerimiz Toma Tabatadze jarima maydonchasi ichiga to'pni oshiradi. To'pga birinchi bo'lib yetib kelgan Bilolxon Toshmirzaev esa gol muallifiga aylanadi 3:1. Uchrashuvning qolgan qismida vakillarimiz tomonidan qator xavfli vaziyatlar yaratilgan bo'lsada, hisob o'zgarishsiz qoldi va yakunda jamoamiz ishonchli g'alabani qo'lga kiritib, o'z guruhida peshqadamlikni qo'lga oldi. Eslatib o'tamiz, "Neftchi" keyingi uchrashuvni 4 may kuni Farg'onada o'tkazadi. Shu kuni Superliganing 8-tur doirasidagi raqibimiz "So'g'diyona" jamoasi bo'ladi. Bo'lajak bellashuvda yigitlarimizga kuch-quvvat, g'ayrat-shijoat va omad yor bo'lishini tilaymiz. Oʻzbekiston kubogi E guruhi 2 - tur "Neftchi" – "FarDU" 3:1 30.04.2025 Bosh hakam: Umidjon Rahimjonov Yordamchi hakamlar: Jamshidbek Bakirov, Farrux Bekmurodov Nazoratchi: Shuhrat Bozorov Komissar: Sherzod Rajabov Gollar: Ikrom Aliboev, 26 (1:0), Abror Ismoilov, 34 (2:0), Sherali Rasulov, 69 (2:1), Bilolxon Toshmirzaev, 75 (3:1) "Neftchi": 1.Botirali Ergashev, 4.Boyan Ciger, 5.Ikrom Aliboev (28.Nodirbek Karimov 90), 7.Abror Ismoilov, 10.Jamshid Iskanderov (9.Shohruh Gadoev 60), 11.Quvondiq Ro'ziev(14.Jamshid Boltaboev 75), 20.Anvarjon G'ofurov, 21.Muhsinjon Ubaydullaev, 24.G'ulom Haydar G'ulomov, 32.Zoran Marushich (22.Toma Tabatadze, 46), 34.Farruh Sayfiev (77.Bilolxon Toshmirzaev 60). Zaxirada: 25.Eldorbek Suyunov, 45.Akbar To'raev,33.Shohruh Yoqubjonov, 66.Doniyor Valiev.

Ulashish

O'xshash yangiliklar