DERBIDA GʻALABA QOZONDIK

"Neftchi" Superliganing 9-turini Andijonda o'tkazdi. Ketma-ket mag'lubiyatlar tufayli bosh murabbiyini iste'foga chiqargan andijonliklar bu turda nima bo'lsa ham g'alabaga erishishni reja qilgan edilar. Lekin, farg'onaliklar bundan cho'chimadilar va maydonda o'z rejalari asosida shiddatli va hujumkor harakat qildilar.Bellashuvning 12-daqiqasida G'ulom-Haydar Gulamovning chiroyli uzatmasini qabul qilib olgan Farruh Sayfiev raqib darvozabonini dog'da qoldirib, tezkor gol urib, hisobni ochishga muvaffaq bo'ldi 0:1. Maydon egalari hisobni tenglashtirish uchun jiddiy harakat qilgan bo'lsalarda jamoamizning himoya chizig'i barcha urinishlarni bartaraf etdi.Ayniqsa, 21-daqiqada posbonimiz Botirali Ergashevning qaltis zarbani mohirona qaytarib, jamoasini muqarrar goldan saqlab qolganligi haqiqiy taxsinga sazovordir. Shuning uchun ham birinchi bo'limda hisob o'zgarmadi. Ikkinchi bo'limda yigitlarimiz to'p nazorati bo'yicha ustunlikni saqlagan holda raqib darvozasi tomon xavfli hujumlarni kuchaytirdilar. Bu esa 60-daqiqada Abror Ismoilovning raqib himoyachilarini mohirona aldab o'tib, to'pni Jamshid Iskanderovga aniq yetkazib berganligi hisobni yanada oshirishga zamin yaratdi 0:2. Shundan keyin jamoa murabbiylari ayrim futbolchilarni almashtirishga qaror qildilar. Zaxiradan o'yinga qo'shilgan gruziyalik legioner hujumchimiz Toma Tabatadze muxlislarni qoyil qoldiradigan xatti-harakatlari bilan e'tibor qozongan bo'lsa ham, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalana olmadi. Shu bois, tablodagi raqamlar uchrashuv oxirigacha o'zgarmadi. Vitaliy Levchenko shogirdlari Andijonda 0:2 hisobida ishonchli g'alabani qo'lga kiritib, umumiy ochkolar sonini 15 taga yetkazib oldilar. Shu yil 14 may kuni sevimli jamoamiz O'zbekiston kubogi bahslarining 3-tur uchrashuvida Toshkentning "Oqtepa" klubini qabul qiladi. Bu bellashuvda ham yigitlarimizga omad tilaymiz. SUPERLIGA 9-TUR "Andijon" – "Neftchi" 0:2 09.05.2025, 18:00 Bosh hakam: Ilgiz Tantashev Yordamchi hakamlar: Andrey Sapenko, Timur Gaynullin Zaxira hakami: Isroil Imomnazarov Nazoratchi: Baxtiyor Namozov VAR: Asker Najafaliev AVAR: Islom Azimov Komissar: Qudrat Madraimov Gollar: 0:1 – 11, Farruh Sayfiev (G'ulom Haydar G'ulomov), 0:2 – 59, Jamshid Iskanderov (Abror Ismoilov) "Andijon": 25.Valijon Rahimov, 4.Islombek Mamatkazin, 5.Abdulvohid G'ulomov (11.Islam Mashukov, 84), 6.Altin Kreziu, 7.Rustam Turdimurodov (22.Usmonali Ismonaliev, 78), 10.Ilhomjon Abdug'aniev (9.Mirzad Mehanovich, 66), 13.Sardor Azimov (23.Doniyor Abdumannopov, 46), 18.Damir Temirov, 32. Luka Uskokovich, 33.Oleg Zoteev, 71.Bektemir Abdumannonov (17.Farhod Sohibjonov, 66) Zaxira: 1.Eldor Adhamov, 8.Iskandar Shayqulov, 14.Abdurahmon Komilov, 66.Miomir Jurichkovich "Neftchi": 1.Botirali Ergashev, 4. Boyan Siger, 5.Ikrom Aliboev (14.Jamshid Boltaboev, 66), 7. Abror Ismoilov, 10.Jamshid Iskanderov (17.Muhammadali G'iyosov, 90+3), 11.Quvondiq Ro'ziev (77.Bilolxon Toshmirzaev, 77), 20.Anvar G'ofurov, 21.Muhsin Ubaydullaev, 24.G'ulom Haydar G'ulomov, 32.Zoran Marushich (22.Toma Tabatadze, 78), 34.Farruh Sayfiev Zaxira: 45.Akbar To'raev, 6.Ibrohimhalil Yo'ldoshev, 9.Shohrux Gadoev, 28.Nodir Komilov, 33.Shohrux Yoqubjonov Ogohlantirishlar: Doniyor Abdumannopov (86), Anvar G'ofurov (88)