Yangiliklarga qaytish
Press konferensiya

«AL-NASSR» — «NEFTCHI»: VAKILLARIMIZ MATBUOT ANJUMANIDA QATNASHDI

12-oktabr, 2026·2 min o'qish·1
NEFTCHI FC

«Al-Nassr» — «Neftchi» uchrashuvi oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida jamoamiz bosh murabbiyi Islombek Ismoilov hamda futbolchimiz Ikrom Aliboyev ertangi bahs, raqibning imkoniyatlari va jamoamizning uchrashuvga tayyorgarligi haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.

Islombek Ismoilov: «Biz Ar-Riyodga natija uchun keldik»

— Assalomu alaykum! Ertangi uchrashuvdagi raqibimiz — Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lgan «Al-Nassr». Ularning tarkibida jahon futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, yuqori saviyali va katta tajribaga ega futbolchilar to‘p surishadi.

Albatta, bu biz uchun juda muhim uchrashuvlardan biri. Biz Ar-Riyodga shunchaki maydonga tushib, o‘yin o‘tkazish uchun emas, balki munosib natijaga erishish maqsadida keldik. Raqibning kuchini yaxshi tushunamiz, shu bilan birga, o‘z imkoniyatlarimizga ham ishonamiz.

Ertangi bahsda bor kuchimiz, mahoratimiz va jamoaviy birdamligimizni ishga solamiz. Maydonda oxirigacha kurashib, chiroyli futbol namoyish etish va Farg‘ona hamda butun O‘zbekiston xalqini xursand qilish uchun harakat qilamiz.

Ikrom Aliboyev: «Bor kuchimiz bilan kurashamiz»

— Assalomu alaykum! Murabbiyimiz ta’kidlaganidek, ertaga Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi maydonga tushamiz. «Al-Nassr» nafaqat tarkib jihatidan, balki moliyaviy imkoniyatlari va xalqaro tajribasi bilan ham qit’amizning yetakchi klublaridan biri hisoblanadi.

Biz bo‘lajak uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Raqibning kuchli jihatlarini yaxshi bilamiz va o‘z imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, o‘yinga tayyorgarlik olib bordik. Futbolda nomlar va imkoniyatlar muhim, lekin maydonda har bir jamoa o‘z o‘yini va kurashi bilan natijaga erishadi.

Ertaga bor kuchimizni ishga solib, muxlislarimizni quvontiradigan natijaga erishishga harakat qilamiz. Bizning vazifamiz — maydonda borimizni berish, oxirigacha kurashish. Natija esa, albatta, Allohdan.

Jamoamiz bosh murabbiyiga berilgan savollar:

— «Al-Nassr» jamoasining tarkibi haqida qanday fikrdasiz?

— «Al-Nassr» juda kuchli futbolchilardan tarkib topgan jamoa. Ularning individual mahorati va xalqaro tajribasi yuqori ekanini yaxshi bilamiz. Biroq biz ham o‘z imkoniyatlarimizga ishonamiz. Ertangi uchrashuvda raqibning kuchli tomonlarini hisobga olgan holda, o‘z o‘yinimizni namoyish etishga intilamiz. Asosiy maqsadimiz — maydonda munosib kurash olib borish, chiroyli futbol ko‘rsatish va ijobiy natijaga erishish.

— Krishtianu Ronalduning o‘yinini cheklash uchun alohida taktika ishlab chiqilganmi?

— Krishtianu Ronaldu — jahon futbolining eng yorqin yulduzlaridan biri. Uning mahorati, tajribasi va gol urish qobiliyatini alohida ta’kidlash mumkin. Biz unga hurmat bilan qaraymiz va uning imkoniyatlarini yaxshi tushunamiz. Ammo biz faqat Ronalduga qarshi emas, balki butun «Al-Nassr» jamoasiga qarshi o‘ynaymiz. Shu sababli asosiy e’tiborimiz raqibning umumiy o‘yiniga, jamoaviy harakatlariga va maydondagi vaziyatlarga qaratiladi. Biz uchun eng muhimi — intizomli harakat qilish, murabbiylar shtabi belgilagan rejalarga amal qilishi va jamoa sifatida o‘z imkoniyatlarimizni namoyish etish.
Eslatib o’tamiz, «Al-Nassr» — «Neftchi» uchrashuvi 12-oktabr kuni Ar-Riyod shahridagi «Al-Awwal Park» stadionida bo‘lib o‘tadi.

"Neftchi" PFK matbuot xizmati

Ulashish

O'xshash yangiliklar