VITALIY LEVChENKO BILAN ShARTNOMA UZAYTIRILDI

Tajribali murabbiy Vitaliy Levchenko 2022 yil iyul oyida "Neftchi" futbol klubiga bosh murabbiy boʻlib kelganda jamoa Superliganing oxirgi oʻrinlaridan birida borar edi. Yangi mutaxassis ahvolni oʻnglash uchun astoydil ishga kirishib, jamoaning taniqli klublar ustidan gʻalaba qozonishini taʼminladi. Natijada fargʻonaliklar turnir jadvalining toʻqqizinchi pogʻonasiga koʻtarilib olishdi. Vitaliy Grigoryevich boshchiligidagi jamoa 2023 yil mavsumini puxta reja, aniq maqsad bilan boshladi. Dastlabki uchrashuvlarni gʻalaba bilan yakunlab mavsum oʻrtalarigacha turnir peshqadami boʻlib keldi. Jamoalar oʻrtasidagi gʻoliblik uchun kurash kuchayib ketgan taqdirda ham fargʻonaliklar peshqadamlar safida mustahkam oʻrnashib oldilar. Hozirgacha Superliga musobaqasida magʻlubiyatga uchramay kelayotgan "Neftchi" bundan buyon ham gʻoliblar safida boʻlish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Jamoa tarkibidagi ayrim oʻzgarishlarga qaramay "Neftchi" eng ishonchli jamoa sifatida muxlislar ruhini shod etib bormoqda. Bunday gʻolibona va ishonchli holatni vujudga keltirishda bosh murabbiyning tajribasi, mahorati va masʼuliyati kuchli ekanligi poydevor boʻlmoqda. Ana shular hisobga olinib, klub rahbariyati Vitaliy Levchenko bilan bosh murabbiy sifatidagi shartnomani 2026 yilgacha uzaytirishga qaror qildi. Koʻp ming sonli muxlislar nomidan Vitaliy Grigoryevichni bu yuksak ishonch bilan chin yurakdan muborakbod etamiz va unga olijanob niyatlarini amalga oshirish yoʻlida yangi zafarlar tilaymiz. 🟢"Neftchi" PFK matbuot xizmati