"TURON" - "NEFTChI" PREVYu

Bugungi raqibimiz Superligadagi viloyatimizning ikkinchi vakili Yaypanning "Turon" klubi 2017 yilda "Turon-Eco Sement" korxonasi tasarrufida tashkil topgan boʻlib, professional futbolga 2019 yilda qadam qoʻygan. Shu yili Pro liganing "V" guruhida ishtirok etgan jamoa muvaffaqiyat qozonib, liganing "A" guruhiga yoʻllanma oldi va 2020 yilda Pro liga gʻolibi sifatida Superliga yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Oʻzbekiston futbolida tez suratlarda katta yutuqlarga erishgan yosh jamoaning Superligadagi debyut mavsumi esa omadsiz chiqib jamoa oʻsha yilning oʻzidayoq yana Pro ligaga ravona boʻldi. Buning asosiy omillaridan biri, jamoaga kuchlilar bilan raqobatlashishda tajribaning yetishmovchiligi boʻldi desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.Lekin Pro ligaga qaytan jamoa tushkunlikka tushmadi va oliy divizionga qaytish vazifasini maqsad qilib, oxirigacha kurashdi. Oʻtgan yili Pro ligada uchinchi oʻrinni egallagan jamoa "Lokomotiv" klubi bilan oʻtish oʻyinida ishtirok etib gʻalaba qozondi va bir yillik tanaffusdan soʻng Superligaga qaytdi. Joriy mavsumda ham yaypanliklarning Superligadagi ishtiroki qoniqarsiz boʻlganligi sabab jamoa oliy diviziondagi oʻrnini saqlab qolish uchun kurash olib borishga majbur boʻlmoqda. Shuning uchun bugun Yaypanda kechadigan Fargʻona derbisi keskin va shiddatli oʻtishiga shubha qoldirmasa kerak. Jamoalarning barcha uchrashuvlarini keltirib oʻtamiz Pro liga 01.12.2020. "Neftchi"-"Turon" 0:1 15.11.2020. "Turon"-"Neftchi" 0:2 28.10.2020. "Neftchi"-"Turon" 1:1 21.09.2020. "Turon"-"Neftchi" 1:1 Superliga 17.04.2023. "Neftchi"-"Turon" 1:1 "Neftchi" PFK matbuot xizmati