TAYYoRGARLIK NIHOYaSIGA YeTDI!

Bir xaftadan keyin, yaʼni 1 mart kuni Superligada futbol boʻyicha Oʻzbekiston birinchiligi rasmiy uchrashuvlari boshlanadi. Fargʻona futbolchilari yangi mavsumga Turkiyaning Antalya shahrida tayyorgarlik koʻrdilar. 7 yanvardan 22 fevralgacha jamoamiz Niderlandiya, Rossiya, Qozogʻiston, Gruziya va Polsha davlatlariga qarashli 12 ta klub bilan oʻrtoqlik-nazorat bellashuvlari oʻtkazib, ularning 5 tasida gʻalaba qozongan boʻlsa, 4 tasini durang va 3 tasini magʻlubiyat bilan yakunladi. Natija qanday boʻlishidan qatʼiy nazar bu uchrashuvlar futbolchilarimizning jismoniy, texnikaviy va ruhiy jihatdan chiniqishlari, malaka va mahoratlarini zamonaviy talablar asosida oshirishlariga yordam berdi. Hamshaharlarimiz Turkiyadagi tayyorgarlik jarayonlarini yakunlab bugun Toshkentga qaytib keladilar. Vitaliy Levchenko shogirdlari yangi mavsumning dastlabki uchrashuvini Jizzax shahrida mahalliy "Soʻgʻdiyona" jamoasi bilan oʻtkazadilar. Ularga 2024 yil futbol mavsumini har jihatdan samarali va omadli oʻtkazishlari uchun minglab-millionlab muxlislar nomidan katta muvaffaqiyatlar tilaymiz. "Neftchi" PFK matbuot xizmati
[image: http://fcneftchi.uz/wp-content/uploads/2024/02/IMG_20240223_112620_454-169x300.jpg]