"SOChI" BILAN BU SAFAR MUROSA KOʻChASI TANLANDI

Halqaro nazorat uchrashuvi "Neftchi" - "Sochi" 2:2 Gol: Jasur Jaloliddinov 5'(1:0), G. Saul 62'(1:1), Bexruz Obloqulov 80'(2:1), K Zaika 85'(2:2) "Neftchi": Botirali Ergashev, Zoir Juraboev, Anvar Gʻofurov, Mirzoxid Gʻofurov, Abbos Gʻulomov, Javoxir Qaxramonov, Xusayn Norchaev, Muxsin Ubaydullaev, Jasur Jaloliddinov, Katalin Karp, Mixay Roman Zaxiradan qoʻshilganlar: Bilolxon Toshmirzaev, Diyor Turopov, Doniyor Valiev, Gʻulom-Haydar Gulamov, Sanjar Qodirqulov, Jaloliddin Jumaboev, Shohruz Norxonov, Manuchehr Safarov, Bexruz Oblaqulov, Hurshid Muxtorov Yangi mavsumga Turkiyada puxta hozirlik koʻrayotgan "Neftchi" jamoamiz bugun yana bir bor "Sochi" klubi bilan nazorat oʻyinini oʻtkazdi. Birinchi boʻlim avvalida vakillarimiz faol oʻynab, 5-daqiqada Jasur Jaloliddinovning mahorati va kuchli zarbasi evaziga hisobni ochishga muvaffaq boʻldilar 1:0. Kiritilgan goldan soʻng oʻyin surati biroz tenglashdi va har ikkala jamoada ham gol urish uchun imkoniyatlar yuzaga keldi. Lekin, tanaffusga qadar hisob oʻzgarmay, minimal ustunlik bilan vakillarimiz maydonni tark etishdi. Ikkinchi boʻlimda murabbiylarimiz tarkibni deyarli toʻlaligicha almashtirishga qaror qabul qilib, zaxiradagi oʻyinchilarni maydonga tushirdilar. Oʻyinga qoʻshilgan vakillarimiz ancha faollik bilan harakatlanib, bir necha bor raqiblar darvozasiga xavf solishga urinishdi.Ammo, bellashuvning 61-daqiqasida burchak zarbasiga ega chiqqan rossiyaliklar himoyachilarimizni dogʻda qoldirib, darvozamizga javob toʻpini joylab qoʻyishga erishdilar 1:1.Shundan soʻng futbolchilarimiz oʻyinida jonlanish yuzaga keldi va uchrashuvning 80-daqiqasida oʻng qanotdan oshirilgan aniq uzatmaga Behruz Oblaqulov toʻpni toʻxtatmasdan kuchli zarba bilan "Sochi" darvozasiga chiroyli gol kiritdi 2:1. Hisobni oʻzgartirish navbati endi rossiyaliklarga oʻtganday boʻldi va ular tez-tez qarshi hujumga zoʻr berdilar. Bellashuvning 84-daqiqasida himoyachilarimizdan oʻzib ketgan "Sochi" vakili darvozamizni ikkinchi bor ishgʻol etib, hisobni 2:2 koʻrinishiga keltirdi.Uchrashuvning qolgan daqiqalari oʻzgarishsiz oʻtdi va oʻyin durang 2:2 natijasi bilan yakun topdi. "Neftchi" matbuot xizmati