OʻZBEKISTONLIK FUTBOL MUXLISLARI STADIONGA QAYTIShLARI MUMKIN

Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yigʻilishida mamlakatimizda karantin talablarini qisqartirish orqali aholiga madaniy va maʼnaviy hordiq chiqarish hamda dam olishlarini mazmunli oʻtkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasi atroflicha muhokama qilindi. Xususan, tegishli mutasaddi tashkilotlarning takliflarini inobatga olgan holda, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2021 yil 20 sentyabrdan boshlab mamlakatimizda tomosha, madaniy-koʻngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari), ommaviy tadbirlar va yigʻilishlarni ochiq maydonlar hamda yopiq majmualarda oʻtkazishga ruxsat berildi. Madaniy-koʻngilochar, ommaviy tadbirlar va yigʻilishlarni oʻtkazishda quyidagi karantin cheklovlariga rioya etish talab qilinadi: 📌 madaniy-koʻngilochar obʼyektlar (teatr, kinoteatr, konsert zallari) ishchi va xodimlari hamda ommaviy tadbirlar tashkilotchilari va xizmat koʻrsatuvchilari boʻlgan shaxslar (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qatʼi nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi toʻgʻrisidagi QR-kodli sertifikati mavjud boʻlishi lozim; 📌 madaniy-koʻngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari faoliyati) va ommaviy tadbirlarni oʻtkazishda tashrif buyuruvchilar: 🔹 tibbiy niqobda boʻlish; 🔹 antiseptik vositalardan foydalanish; 🔹kirish joylarida tana haroratini oʻlchash kabi muhim sanitariya-gigiena qoidalariga qatʼiy rioya etishlari shart. ❗️Shu bilan birga madaniy-koʻngilochar (teatr, kinoteatr, konsert zallari faoliyati) va ommaviy tadbirlarni oʻtkazish obʼyektlariga faqatgina koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganligi toʻgʻrisidagi QR-kodli sertifikati mavjud boʻlgan tashrif buyuruvchilarni kiritilishi (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatmalar boʻlgan fuqarolar bundan mustasno) tavsiya etildi. "Neftchi" matbuot xizmati