Oʻzbek futbolining 110 yillik yubileyi Fargʻonada katta bayram qilinadi

25-26 oktyabr kunlari Fargʻonada Oʻzbek futbolining 110 yillik yubileyiga bagʻishlangan tadbirlar boʻlib oʻtadi. Oʻzbek futbolining taniqli yulduzlari, futbol faxriylari hamda Oʻzbekiston futbol assosiasiyasi rahbariyatidan iborat mehmonlar milliy futbolning vatani boʻlgan Fargʻona viloyatiga 25 oktyabr kuni tashrif buyuradilar. Shu kuni mehmonlar viloyat hokimi – viloyat Futbol assosiasiyasi prezidenti Xayrullo Bozorov bilan uchrashadilar, Fargʻona shahridagi “Futbol markazi”da boʻlib oʻtadigan futbol festivalida ishtirok etadilar. Asosiy tadbirlar shu kuni Fargʻonadagi “Istiqlol” oʻyingohida boʻlib oʻtadi. Soat 17:00da muxlislar va mehmonlar eʼtiboriga katta konsert dasturi namoyish etiladi. Soʻngra Oʻzbekiston va Fargʻona viloyati faxriylar terma jamoalari Qirgʻiziston va Tojikiston faxriylar terma jamoalariga qarshi bir taymlik uchrashuvlarda maydonga chiqishadi. Uchrashuvlar dasturi quyidagicha (bir taymdan iborat, 30 minutdan): 1-uchrashuv: Oʻzbekiston-Qirgʻiziston 2-uchrashuv: Fargʻona viloyati-Tojikiston 3-uchrashuv: Oʻzbekiston-Tojikiston 4-uchrashuv: Fargʻona viloyati-Qirgʻiziston 26 oktyabr kuni mehmonlar viloyatimizdagi futbol faxriylari holidan xabar olishadi, Margʻilon shahridagi diqqatga sazovor joylarni koʻzdan kechirishadi, kunning ikkinchi yarmida Qoʻqonga borishadi. Yaypandagi “Oʻzbekiston” oʻyingohida Superliga doirasidagi Qoʻqon 1912 – Soʻgʻdiyona uchrashuvini tomosha qilishadi.