Yangiliklarga qaytish
Onlayn

«NEFTChI»NING MAQSADI – ChEMPIONLIK

7-yanvar, 2024·2 min o'qish·1
084A8337

"Yangi Fargʻona" gazetasini navbatdagi sonida muxbir Moʻydinjon Sobitov jamoamizning yangi mavsum uchun tayyorgarligi boʻyicha oʻzini qarashlarini yozib oʻtgan, quyida ushbu maqolani oʻqishingiz mumkin. Oʻtgan yilgi Superliga bahslari yakunlari sarhisob qilinayotgan bir pallada, joriy yilning 1 mart kuni start oladigan yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonlari qizgʻin tus olmoqda. Ayniqsa, oʻtgan yilgi Oʻzbekiston chempionatida koʻp vaqt davomida musobaqa jadvalini boshqarib, yakunda duranglar soni koʻpayib ketgani evaziga beshinchi oʻrin bilan kifoyalangan, mamlakatning besh karra chempioni – «Neftchi» rahbarlari tomonidan transfer bozorida faollik koʻrsatilayotganligi ularning koʻp yillik tanaffusdan keyin chempionlik kubogini Fargʻonaga olib kelishga jiddiy bel bogʻlashganini anglatmoqda. Oʻtgan mavsum yakunlariga koʻra futbol mutaxassislari va muxlislar tomonidan “Superliganing eng yaxshi murabbiyi”, deb topilgan Vitaliy Levchenko boshqaruvidagi «Neftchi» tarkibidagi tajribali futbolchilarning jamoada qolayotgani hamda fargʻonaliklar safiga mahoratli oʻyinchilarning kelib qoʻshilayotganligi muxlislarda ham chempionlikka katta umid uygʻotmoqda. Taʼkidlash kerakki, «Neftchi» rahbariyati, avvalo, oʻtgan mavsumda murabbiylar ishonchini qozongan Akbar Toʻraev, Asror Kenjaev, Doniyor Valiev, Muhsinjon Ubaydullaev, Anvarjon Gʻofurov, Mirzohid Gʻofurov, Sharof Muhiddinov, Diyor Turopov, Gʻulomhaydar Gʻulomov, Bilol Toshmirzaev, Zoir Joʻraboevlar bilan kelishuvni uzaytirdi. Shu bilan birga, jamoani tark etgan Vladimir Nazarov, Ulugʻbek Hoshimov, Umar Adhamzodalar oʻrniga Tojikiston milliy terma jamoasi aʼzosi Monuchehr Safarov, “Buxoro” toʻpurari Shohruz Norxonov, bir necha yil davomida “Soʻgʻdiyona”ning sardori boʻlgan Javohir Qahramonov, Parijda oʻtadigan navbatdagi Olimpiadaga yoʻllanma olish uchun kurashni davom ettirayotgan Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi sardori, Osiyo oʻyinlarining sovrindori Jasur Jaloliddinov, Muborakning “Mashʼal”, Qarshining “Nasaf” jamoalari tarkibida shakllanib, “Paxtakor” bilan 5 marta mamlakat chempioni boʻlgan Sanjar Quvvatov, oʻtgan yilgi mavsumda Toshkentning “Lokomotiv” jamoasining Superligaga qaytishiga oʻzining munosib hissasini qoʻshgan Sanjar Qodirqulov kabi taniqli futbolchilar bilan shartnoma imzolangani joriy yilgi chempionatda “Neftchi” chempionlikka asosiy daʼvogarlardan biri ekanligini anglatib turibdi. Shuningdek, jamoaning oʻtmishdagi shon-shuhratini tiklashga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshayotgan murabbiylar shtabi aʼzolari –jismoniy tayyorgarlik boʻyicha murabbiy Anvarjon Norqulov, darvozabonlar bilan ishlovchi murabbiy Farruh Berdiev hamda oʻrinbosarlar jamoasi murabbiyi Azizjon Alijonovlar bilan kelishuvlar uzaytirilgani ham «Neftchi» muxlislarining qoʻnglini toʻq qildi. Ayni kunlarda Toshkent shahrida oʻtkazilgan birinchi yigʻinni yakunlagan “Neftchi” futbolchilariga Yangi yil bayrami munosabati bilan qisqa muddatli taʼtil berilgan. Ular shu kunlarda ikkinchi yigʻinni oʻtkazish uchun Turkiyaga joʻnab ketishadi. Maʼlumotlarga koʻra, “Neftchi” rahbariyati jamoa safiga yana bir nechta mashhur futbolchilarni jalb etish harakatida. Bu yil oʻz oldiga chempionlik maqsadini qoʻygan “Neftchi” jamoasidagi yangiliklar va, albatta, jamoa safidagi taniqli futbolchilar haqidagi batafsil maʼlumotlardan xabardor boʻlmoqchi boʻlsangiz, “Yangi Fargʻona” gazetasi va uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarini kuzatib boring. Moʻydinjon SOBITOV, “Yangi Fargʻona” muxbiri. "Neftchi" PFK matbuot xizmati

Ulashish

O'xshash yangiliklar