Yangiliklarga qaytish
Onlayn

"NEFTChI" OʻZ QARORGOHIGA QAYTDI!

28-aprel, 2023·1 min o'qish
IMG_2721

Xabaringiz bor, "Neftchi" jamoasining qarorgohida taʼmirlash ishlari olib borilayotgan edi va bu jarayon oʻz nihoyasiga yetdi.Bugun mazkur binoning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Fargʻona viloyati hokimi, viloyat futbol assosiasiyasi prezidenti Hayrullo Bozorov, klub prezidenti, Fargʻona shahar hokimi Vasiljon Nazarov, klub bosh direktori Mansurjon Toshmatov, jamoa faxriylari, futbolchilar va muxlislari ishtirok etishdi. Tabdir avvalida jamoaning yuksalishi va rivoji uchun qilingan ishlar xayrli boʻlishini, mavsum davomida yuksak marralarga intilib, klubning rivoji va gʻalabali natijalari davomli boʻlishini niyat qilgan holda qurʼon-tilovat oʻqilib, ehson qilindi. Shundan soʻng Hayrullo Hayitbaevich soʻzga chiqib, tadbir ishtirokchilarini samimiy qutladi.Jamoaga bir vaqtlar turli sabablarga koʻra olib qoʻyilgan avtobus qaytarib berilishini aytdi. Barcha imkoniyatlardan oqilona foydalanib, "Neftchi" gʻolibona yurishini davom ettirishi va yuksak marralarga erishib, muxlislarini har tomonlama xushnud etishi lozimligini taʼkidladi. Shundan soʻng soʻzga chiqqan "Neftchi" bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorchiligini bildirib, mavsumni chempion sifatida yakunlash uchun bor imkoniyatini ishga solishga vada berdi "Neftchi" faxriysi Lev Viktorovich Vaxtin esa, tarihiy binoni qayta tiklashga amaliy yordam bergan barcha mutassadilarga va klubga boʻlgan yuksak eʼtibor uchun viloyat rahbariyatiga samimiy rahmatlar aytdi. Soʻz olgan fan klub yetakchilari ham yangi taʼmirdan chiqarilgan qarorgoh zamonaviy tus olganligi nafaqat futbolchi va murabbiylarni, balki muxlislarni ham behad quvontirganini etirof etib, keng koʻlamli ishlarda sidqidildan mehnat qilgan barcha korxona va tashkilot mutaxassislariga tashakkur bildirishdi. Shundan soʻng tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar qarorgohda yaratilgan barcha sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar. Undan tashqari, “Neftchi” sport kompleksi futbol maydoni va suv xavzasi koʻzdan kechirilib, ushbu sport inshootlarini ham taʼmirdan chiqarish uchun topshiriq va rejalar belgilandi. Maʼlumot uchun: Yangilangan qarorgoh binosi 60 kishiga moʻljallangan boʻlib, jami 35 xonadan iborat. Qarorgohda oshxona, 10x4m suv xavzasi va parxonalari mavjud.Mazkur bino va inshootlar 1965 yilda qurilgan boʻlib, “Neftchi” PFKning qarorgohi hisoblanadi. 2021 yildan taʼmirlash ishlari boshlanib, joriy yilning 28 aprel kuni obʼyekt foydalanishga topshirildi. ✅"Neftchi" PFK matbuot xizmati

Ulashish

O'xshash yangiliklar