JANGOVAR DURANG!

Uchrashuvning birinchi bo'limida ikkala jamoa ham g'alaba uchun kurashayotganligi sezilib turdi. 8-daqiqada maydon egalarining vakili Najmiddin Normurodov burchakdan uzatilgan to'pni to'xtatmasdan boshi bilan darvozaga yo'llab posbonimiz Botirali Ergashevni dog'da qoldirdi va hisobni ochishga muvaffaq bo'ldi 1:0. Shundan keyin farg'onaliklar hujumni yanada kuchaytirdilar. 15-daqiqada o'ng qanotda tashkil etilgan kombinasiya natijasida Vladimir Yovovich to'pga egalik qilib uni oldinga uzatdi. Uzatmaga birinchi bo'lib yetib kelgan Zoran Marushich ikki himoyachi orasidan ustalik bilan o'tib, to'pni darvozaga joylab qo'ydi 1:1.Shu tariqa hisob tenglashtirilgach yigitlarimiz hujumkorlikni yanada kuchaytirdilar. Raqiblar darvozasi oldida ketma ket xavfli vaziyatlar yaratdilar. Lekin, darvozaga zarba berishda aniqlik yetishmadi. Bu esa birinchi bo'limning durang natija bilan tugashiga sabab bo'ldi. Ikkinchi bo'lim ham "Neftchi"ning jiddiy hujumi bilan boshlandi. Uchrashuvning 46-daqiqasida vaziyatdan mohirona foydalangan Ibrohimhalil Yo'ldoshev kuchli zarba bilan darvozani aniq nishonga olib, jamoamizni oldinga olib chiqdi 1:2.Afsuski, shundan keyin yigitlarimiz tashabbusni maydon egalariga berib qo'ydilar. Poytaxtliklar to'pni ko'proq o'zlarida ushlab turish bilan birga, darvozamiz oldida xavfli hujumlar uyushtira boshladilar. Bu esa uchrashuvning 73-daqiqasida darvozamizga ikkinchi to'p kiritilishiga sabab bo'ldi 2:2. Hisob tenglashtirilgach maydon egalarining g'alaba uchun harakatlari yanada kuchaydi. Hayriyatki, ular tomonidan yo'llagan zarbalari darvoza to'siniga tegib qaytdi. Bellashuvning ikkinchi bo'limida o'zgartirishlar natijasida maydonga tushgan futbolchilarimiz uchrashuvni farg'onaliklar foydasiga hal etish uchun qattiq harakat qildilar. Ammo, yana zarba berishdagi noaniqliklar samara bermadi. Shunday qilib bu yilgi mavsumda g'oliblik shoxsupasini egallashga ahd qilgan jamoamiz birinchi uchrashuvni 2:2 hisobidagi durang natija bilan yakunladi. Ishonamizki, navbatdagi uchrashuvlarda jangovar jamoamiz shiddatli hujumlarini kuchaytirib, muxlislarini quvontiradigan natijalarga erishadi. Superliga 1-tur “Bunyodkor” — “Neftchi” 2:2 08.03.2025. Toshkent, "Bunyodkor" stadioni. 20:00 Hakamlar: Temurbek To'xtasinov, Ziyodullo Abdurahmonov, Abdulhamid Abduraimov, Rinat Serazitdinov Nazoratchi: Marat Ismoilov VAR: Nikita Mustafin AVAR: Avazbek Abdullaev. Gollar: Najmiddin Normurodov 8, - 1:0 (Imeda Ashortia). Zoran Marushich 15, - 1:1 (Vladimir Yovovich). Ibrohimhalil Yo'ldoshev 46, - 1:2. Itsuki Urata 73, - 2:2 (Odiljon Hamrobekov). "Bunyodkor": 1.Abdumavlon Abdujalilov,2.Nikoloz Mali, 4.Najmiddin Normurodov (5.Aleksandr Zevadinov, 90+2), 7.Odiljon Hamrobekov, 8.Martin Shroler (77.Muzaffar Olimjonov, 87), 9.Imeda Ashortia (57.Amir To'raqulov, 87), 10.Rasul Yo'ldoshev (23.Asadbek Rahimjonov, 60), 15.Marko Bugarin, 22.Azizbek Amonov (11.Temurxo'ja Abduxoliqov, 60), 25.Itsuki Urata, 74.Luis Kachorri. Zaxira: 13.Hamidullo Abdunabiev, 17.Ollabergan Karimov, 30.Sardor Abdunabiev, 66.Azizbek To'lqunbekov, . "Neftchi": 1.Botirali Ergashev, 23.Jovan Djokich, 20.Anvar G'ofurov (s), 34.Farruh Sayfiev, 6.Ibrohimhalil Yo'ldoshev (9. Shohruh Gadoev, 83), 77.Bilolxon Toshmirzaev, 5.Ikrom Aliboev, 7. Abror Ismoilov (11.Quvondiq Ro'ziev, 83), 10.Jamshid Iskanderov, 8.Vladimir Yovovich (22.Toma Tabatadze, 68), 32.Zoran Marushich (17.Muhammadali G'iyosov, 86). Zaxira: 45.Akbar To'raev, 21.Muhsin Ubaydullaev, 4.Boyan Siger, 24.G'ulom-Haydar Gulyamov, 14.Jamshid Boltaboev, Ogohlantirishlar: Temurxo'ja Abduxoliqov 70.