Yangiliklarga qaytish
Umumiy

Ilhom Moʻminjonov: "Xorvatiyalik murabbiylar keldi, lekin ularning jamoamizda qolishlari aniq emas"

23-may, 2022·2 min o'qish
IMG_0780

Superliganing 10-turidan oʻrin olgan "Neftchi" – "Metallurg" (3:0) uchrashuvidan soʻng mezbonlar bosh murabbiyi Ilhom Moʻminjonov matbuot anjumanida ishtirok etdi. - Oʻyin haqida - Bugungi gʻalabani gʻalabani orziqib kutib qolgan muxlislarimizga bagʻishlaymiz. Murabbiylar shtabi va futbolchilar nomidan ularga rahmat aytaman. Jamoamiz futbolchilari bor mahoratlarini ishga solib mehnat qilganliklari, murabbiylar shtabining koʻrsatmalarini toʻgʻri bajarganliklari uchun minnatdorchilik bildiraman. - "Metallurg"ni oʻrganib chiqqanliklaring koʻrinib turibdi. Qarshi hujum uslubiga alohida tayyorgarlik koʻrilganmidi? - Eʼtibor bergan boʻlsangiz, oxirgi 3 ta oʻyinda gol oʻtkazib yubormadik. Shu 3 ta oʻyinda ham asosan qarshi hujum taktikasida oʻynadik. Mashgʻulotlarda bu borada ishlaganmiz. Tarkibimizda bor futbolchilardan kelib chiqqan holda oʻyinda ikkinchi jamoa boʻlib harakat qilyapmiz. Izzatilla Abdullaev, Sherzod Karimov safimizga qaytdi. Yana bir bor gʻalaba bilan jamoamiz aʼzolarini va muxlislarni tabriklayman. - "Navbahor" bilan oʻyindan soʻng murabbiylar shtabida oʻzgarishlar roʻy berganini aytgandingiz. Shu haqda toʻliqroq maʼlumot bera olasizmi? - Yordamchi murabbiylarda almashinuv yuzaga kelishi haqida aytgandim. Shu kunlarda bu jarayon amalga oshsa kerak. Ular hozir yetib kelishgan, lekin hozirda muzokaralar davom etmoqda. Bizda boshqa variantlar ham bor. Biroq murabbiylar shtabida albatta oʻzgarishlar boʻladi. - Sunnatilla Abdullajonovning oʻng qanotda oʻynagani oʻzini oqlagandek koʻrindi. Bu borada fikringiz qanday? - Muhsin Ubaydullaev bitta oʻyinni oʻtkazib yubordi. Qarshi hujum taktikasida biz Sunnatilla Abdullajonovni oʻng qanotga oʻtkazdik. Bu jarayon oʻzini oqladi. Himoya chizigʻimiz oxirgi 3 ta oʻyinda gol oʻtkazib yubormadi, bundan xursandmiz. Jarohatlar tufayli zaxiramiz tor, futbolchilar sekin-sekin tiklanishmoqda. - Hakamlik borasidagi fikringiz qanaqa? - Ular oʻz ishlarini juda yaxshi uddalashdi. Yutqazgan oʻyinlarimizda ham hakamlik haqida gapirmaganman. Har bir murabbiyning oʻz qarashlari boʻladi. - Seleksiya jarayonlari boshlanganmi? - Ha, boshlangan desa ham boʻladi. Toʻgʻri, hujumda muammolarimiz bor. 9-turga qadar 4 ta gol urgandik. Bugun bir oʻyinning oʻzida 3 ta toʻp kiritdik. Hoshimov, Ubaydullaev oʻyindan oʻyinga kuchayib borishadi. Sharich hozirda talab darajasida emas. U ham mashgʻulotlarda ishlamoqda, vaqti kelib unga ham imkon beramiz. Manba : championat.asia

Ulashish

O'xshash yangiliklar