HAMON UMIDIMIZ KATTA!

Yakuniga yetgan 25-tur Superliga chempionini muddatidan ilgari aniqlab, mukofotlarni tantanali ravishda topshirish bilan birga kutilmagan natijalarga boy boʻldi. Bu avvalo, "Olimpik" va "Navbahor" jamoalari uchrashuvida yuz berdi. Koʻpgina muxlislar Namangan jamoasining peshqadamlar safida yurganligi va ichki salohiyatini hisobga olib "Navbahor" gʻalaba qozonsa kerak, degan taxminga borishgan edi. Biroq, natija buning teskarisi boʻlib chiqdi. Temur Kapadze shogirdlari oʻyin oxirigacha shiddatni susaytirmay 2:1 hisobida gʻalaba qozondilar. Qarshidagi "Nasaf"-"Soʻgʻdiyona" bahsida esa maydon egalari kutilmaganda durang natijaga rozi boʻldilar. Shu tariqa, "Paxtakor" 16-marta chempionlikni oʻzida saqlab qolgan boʻlsa, "Nasaf"-47, "Navbahor"-46, OKMK-45, "Neftchi"-44 ochko bilan kumush va bronza medallari masalasini oxirgi turda hal etadigan boʻlishdi. 26-turda "Nasaf" Olmaliqda, "Neftchi" esa Namanganda mehmon boʻladi. Fargʻonalik futbol ishqibozlari oʻz jamoalari peshqadam uchlikdan joy olishiga hamon qatʼiy ishonch va umid qilmoqdalar. Fargʻona va Namangan jamoalari oʻrtasidagi uchrashuvlar har doim jangovar, shiddatli va murosasiz ruhda oʻtib kelgan.Lekin, bronza medaliga sazovor boʻlish uchun neftchilar oxirgi bellashuvni gʻalaba bilan yakunlashlari shart. Oʻshanda Olmaliqdagi uchrashuv durang natija bilan tugaganda ham bizning oshigʻimiz olchi boʻladi. Yigitlarimizga Namangandagi bellashuvda gʻalabaga qatʼiy ishonch, fidoyilik, mehnat va mahorat koʻrsatib oʻynashlarini tilab qolamiz. 🟡"Neftchi" PFK matbuot xizmati