"ESXATA" BU SAFAR HAM YIRIK HISOBDA YeNGILDI

Superliganing navbatdagi tur bahsiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrayotgan jamoamiz bugun xalqaro oʻrtoqlik oʻyinida Tojikistonning "Esxata" klubi bilan maydonda oʻzaro kuch sinashdi. Taʼkidlash joiz, bugungi raqiblar yozgi tanaffus paytida ilk bor Fargʻonada yuzlashishgan boʻlib, mazkur uchrashuv 4:0 hisobida jamoamiz foydasiga hal boʻlgan edi. Bugungi bellashuv ham toʻliq mezbonlar ustunligida oʻtdi. Oʻyinda hisob 30-daqiqada Gʻulom-Haydar Gʻulomovning olisdan yoʻllagan kuchli zarbasi orqali ochildi 1:0. Koʻp oʻtmay navbatdagi kombinasion hujum amalga oshgach, gruziyalik legionerimiz mehmonlarning qurshovida toʻpni egallab olib darvozani aniq nishonga oldi 2:0. Shundan soʻng vakillarimizda darvozani ishgʻol etish uchun bir nechta qulay imkoniyat paydo boʻlganiga qaramay tanaffusga qadar hisob oʻzgarishsiz qoldi. Ikkinchi boʻlimda murabbiylarimiz tarkibda oʻzgarishlarni amalga oshirib, yosh oʻyinchilarni maydonga tushirdi va bu oʻzgarishlar tez orada oʻz mevasini berdi. Ulugʻbek Xoshimov tezkor hujumlarimizdan unumli foydalanib, ketma-ket ikkita toʻp kiritib, hisobni yirik 4:0 koʻrinishiga olib chiqdi.Kiritilgan gollardan soʻng jamoamizning hujumkorligi davom etgan pallada sahnaga yosh iqtidor egasi Doniyor Valiev kirib keldi. Chap qanotdan Izzatilla Abdullaev tomonidan katta tezlikda tashkil etgan hujumi va havolatib oshirib bergan uzatmasiga Doniyor Valiev baland sakragan holda boshi bilan chiroyli tarzda toʻpni darvoza toʻriga joylab qoʻydi 5:0. Uchrashuv yakuniga qadar vakillarimizda darvozani ishgʻol etish uchun koʻplab qulay imkoniyatlar yaratildi, lekin ushbu vaziyatlardan futbolchilarimiz samara topa olishmadi va yirik 5:0 hisobi oʻzgarishsiz qoldi. Barcha futbolsevar muxlislarimiz nomidan sevimli jamoamizni bugungi chiroyli gʻalaba bilan tabriklab, keyingi bellashuvlarda ham omad yor boʻlishini tilaymiz.





[image: http://fcneftchi.uz/wp-content/uploads/2023/11/084A9961.jpg]

[image: http://fcneftchi.uz/wp-content/uploads/2023/11/084A9976.jpg]


