BUGUN REJADA IKKITA NAZORAT UChRAShUVI!

Yangi mavsumga Turkiyaning Antalya shahrida puxta hozirlik koʻrayotgan sevimli "Neftchi" jamoamiz bugun ikkita nazorat uchrashuvida ishtirok etadi. Kunning birinchi yarmida Qozogʻiston Birinchi liga vakili Semey shahrining "Yelimay" klubi bilan bahslashamiz. Abay viloyati sharafini himoya qilayotgan "Yelimay" jamoasi 2022 yilda tuzilgan boʻlib, oʻtgan 2023 yil futbol mavsumida Qozogʻiston Birinchi ligasining debyutanti maqomida qatnashdi va musobaqada birinchi oʻrinni egallashga muvaffaq boʻldi. Jamoaga Andrey Karpovich bosh murabbiylik qilib kelmoqda. Kunning ikkinchi qismida, yaʼni kechki soat 19:00 da navbatdagi sparring raqibimiz Polshaning Gdansk shahrida joylashgan "Lexiya" futbol klubi boʻladi. Ushbu jamoa 1945 yilda tashkil topgan boʻlib, mamlakat musobaqalarida bir qancha sovrin va unvonlarni qoʻlga kiritgan. 1956 yilda mamlakat birinchiligining bronza medali, 1983 va 2019 yillarda Polsha kubogi va Superkubogi sohibi. Eslatib oʻtamiz, bugun soat 13:00 da "Neftchi"- "Yelimay"(Qozogʻiston). Soat 19:00 da "Neftchi"-"Lexiya"(Polsha) Har ikkala uchrashuvda ham vakillarimizga omad va zafarlar yor boʻlishini tilaymiz. "Neftchi" PFK matbuot xizmati
