Chor. Fev 18th, 2026

"NEFTCHI"

Professional futbol klubi

ANTALIYA YIGʻINI YAKUNLANDI

Jamoamizning Turkiyaning Antalya shahrida tashkil etilgan ikki bosqichli o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘z nihoyasiga yetdi.

3-yanvardan 20-yanvargacha davom etgan birinchi bosqich hamda 24-yanvardan 17-fevralgacha bo‘lib o‘tgan ikkinchi bosqich orqali jamoamiz yangi mavsum oldidan puxta tayyorgarlik jarayonini to‘liq yakunladi.

Bosh murabbiy Islombek Ismoilov va murabbiylar shtabi tomonidan ishlab chiqilgan reja asosida futbolchilar kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlarda ishtirok etishdi. Mashg‘ulotlar asosan taktik ishlanmalar, o‘yin sxemalarini mukammallashtirish, jismoniy holatni yaxshilash hamda analitik tahlillar asosida kamchiliklarni bartaraf etishga qaratildi. Jarayon yuqori intizom, professional yondashuv va ijobiy muhitda kechdi.

Nazorat uchrashuvlarida esa mashg‘ulotlarda ishlab chiqilgan taktik g‘oyalar va sxemalarni amaliyotda sinovdan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratildi. Jamoamiz yig‘in davomida jami 9 ta nazorat o‘yinida maydonga tushib, shulardan 6 tasida g‘alaba qozondi va 3 uchrashuvda mag‘lub bo‘ldi. Bu natijalar tayyorgarlik jarayonining samarali o‘tganini ko‘rsatadi.

Yig‘in davomida 30 nafar futbolchi maydonga chiqdi, ularning 11 nafari yosh iqtidor egalari ekani alohida e’tiborga loyiq. Bu esa jamoamizda sog‘lom raqobat va kelajak uchun mustahkam zaxira shakllanayotganidan dalolat beradi.

Shu tariqa, Antaliyada o‘tgan yig‘in mashg‘ulotlari muvaffaqiyatli yakunlandi va jamoamiz bugun O‘zbekistonga qaytmoqda. Endi asosiy e’tibor rasmiy uchrashuvlarga qaratiladi. 💛

«Neftchi» PFK matbuot xizmati

Улашинг: