
Superliganing 12-tur bahsida sevimli jamoamiz bugun Termizning «Surxon» klubi mehmoni bo‘ladi. Vohalik raqibimiz 1968 yilda tashkil topgan. Milliy chempionatimizda 1992 yilda debyut qilgan jamoa shu yili oxirgi o‘rinni egallab, Oliy ligani tark etishga majbur bo‘ldi. Lekin, bir yil o‘tgach, yana kuchlilar safiga kelib qo‘shilgan termizliklar 2004 yilga qadar Oliy ligada to‘p surishga muvaffaq bo‘ldi. 2005-2018 yillar oralig‘ida jamoa Birinchi liga va Pro liga musobaqalarida ishtirok etib, 2019 yilda yana Superligaga qaytdi.
«Neftchi» jamoasi «Surxon» klubi bilan milliy chempionatimiz doirasida o‘zaro 30 marta to‘qnashgan.Shundan 20 tasida «Neftchi» ustunlik qilgan, 9 ta o‘yinda jamoalar murosa ko‘chasini tanlashgan va faqat bitta bellashuvda «Surxon» jamoasi g‘alaba qozongan. «Neftchi»ning o‘zaro qarama-qarshilikdagi eng yirik g‘alabasi 5:0 ko‘rinishida qayd etilgan. Umumiy to‘plar nisbati 72-23 farg‘onaliklar foydasiga.
Termizda kechgan so‘nggi 5 uchrashuv natijalari quyidagicha
09.11.2024.
«Surxon»-«Neftchi» 0:0
07.05.2023.
«Surxon»-«Neftchi» 2:2
29.06.2022.
«Surxon»-«Neftchi» 1:1
21.08.2004.
«Surxon»-«Neftchi» 1:2
05.10.2003.
«Surxon»-«Neftchi» 1:3
Eslatib o‘tamiz, bugun Termiz shahrida o‘tkaziladigan «Surxon»-«Neftchi» bellashuvini To‘rabek Suyunov boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradi. Uchrashuv soat 20:00 da boshlanadi.