Chor. May 21st, 2025

"NEFTCHI"

Professional futbol klubi

«NЕFTCHI» – FARDU PRЕVYU

Bugun Farg‘onadagi «Istiqlol» markaziy o‘yingohida O‘zbekiston kubogining 2-tur bellashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda «E» guruhidan joy egallagan Farg‘onaning ikki klubi, «Neftchi» hamda FARDU jamoalari o‘zaro bahs olib boradilar. Mazkur uchrashuvda neftchilar mezbon sifatida maydonda harakat qilishadi.

Raqibimiz FARDU klubi bo‘yicha ma’lumot keltirib o‘tamiz.

FARDU futbol klubi professional jamoa sifatida 2024 yilda tashkil etilgan. Bungacha FARDU klubi havaskorlar toifasiga kiruvchi Ikkinchi liga hududiy bosqich musobaqalarida ishtirok etib kelgan. 2023 yil mavsumida ushbu turnirda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoa Birinchi liga o‘tish bosqichida muvaffaqiyatli qatnashib, 2024 yilda O‘zbekiston Birinchi ligasida to‘p surish huquqiga ega bo‘ladi. Shu yili Birinchi ligada debyut mavsumini omadli o‘tkazgan FARDU klubi ikkinchi o‘rinni egallashga erishadi.

2025 yilgi mavsum oldidan O‘zPFL klubning litsenziyalash talablariga javob berishini va 2025 yilgi mavsumni O‘zbekiston Pro ligasi birinchiligida ishtirok etishini tasdiqladi. FARDU futbol klubi O‘zbekiston Pro ligasida ishtirok etishi natijasida mamlakatimizdagi professional musobaqalarda faoliyat yuritadigan ilk professional Oliy ta’lim jamoasiga aylandi. Ta’kidlash joiz, talabalar taxallusi bilan faoliyat yuritayotgan jamoaga o‘zbek futbolining afsonasi Sergey Lebedev bosh murabbiylik qilib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston kubogi guruh bosqichi doirasida bo‘lib o‘tadigan «Neftchi»- FARDU bellashuvi  bugun «Istiqlol» markaziy o‘yingohida soat 19:15 da start oladi.

Barcha futbolsevar muxlislarimizni shu kuni Farg‘ona derbisiga taklif etib, sevimli jamoalarini qizg‘in qo‘llab-quvvatlashlariga ishonch bildirib qolamiz.

Улашинг: