"NEFTCHI"

Professional futbol klubi

«Neftchi» Turkiyaning Antalya shahrida yangi mavsumga tayyorgarlik ishlarini davom ettirmoqda. Bugun jamoamiz navbatdagi nazorat uchrashuvini Qozog‘istonning «Turan» klubi bilan o‘tkazdi. Uchrashuvning dastlabki daqiqalarida yigitlarimiz faol harakat qildilar. Lekin, bora-bora ikkala tomon ham to‘p bilan muomala qilish, raqibni aldab o‘tish kabi mashqlar bilan shug‘ullanib, darvozani aniq nishonga olish sa’y-harakatlari samara bermadi. Shu tariqa, birinchi bo‘lim tengkurashlar ostida o‘tgan bo‘lsa ham hisob ochilmadi.

Ikkinchi bo‘limda bosh murabbiy Vitaliy Levchenko jamoaning hujumkorligini kuchaytirish maqsadida maydondagi olti nafar o‘yinchini yangilariga almashtirdi. Bu tadbir neftchilarning sezilarli darajada jonlanishiga imkon yaratdi. Uchrashuv tugashiga sanoqli daqiqalar qolganda yigitlarimizning uyushtirgan hujumi qaltis tus oldi. O‘ng qanotdan jarima maydonchasi ichiga uzatilgan to‘pni gruziyalik legionerimiz Toma Tabatadze to‘xtatmasdan mohirlik bilan darvozaga yo‘naltirib, raqib himoyachilari va darvozabonni dog‘da qoldirdi 1:0. Shundan keyin qozog‘istonlik futbolchilar hisobni tenglashtirish va mag‘lubiyatdan qutilib qolish uchun astoydil harakat qilgan bo‘lsalarda, urinishlari natija bermadi. Jangovar ruhda o‘tgan bu nazorat uchrashuvi Toma Tabatadzening goli hisobiga farg‘onaliklar g‘alabasi bilan yakunlandi.

Yigitlarimizga navbatdagi bellashuvlarda ham omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.

Yangi mavsumga Turkiyada tayyorgarlik ko‘rayotgan «Neftchi» «Turan»ga qarshi nazorat uchrashuvi o‘tkazdi.

Nazorat o‘yini, Antaliya

«Neftchi» – «Turan» 1:0

Gollar: Toma Tabatadze 83,

«Neftchi»: Akbar Toʻrayev, Muhsin Ubaydullayev, Anvar Gʻofurov, Farrux Sayfiyev, Abror Ismoyilov,(G’ulomhaydar Gʻulomov)Ibrohim Halil Yo‘ldoshev,(Quvondiq Ruziyev) Jamshid Boltaboyev ,(Shohruh Gadoyev) Jamshid Iskanderov, Ikrom Aliboyev,Zoran Marushich (Muhammadali G’iyosov), Vladimir Yovovich (Toma Tabatadze)

Улашинг: