"NEFTCHI"

Professional futbol klubi

«ERIELL GROUP» RAISINING CHEMPIONLIK TABRIGI

“Neftchi” jamoasi futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgani nafaqat Farg‘onadagi, balki sevimli jamoamizning butun mamlakatdagi sodiq muxlislarini ham cheksiz quvontirdi.

Bugun “Neftchi” futbol klubi qarorgohiga viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Hayrulla Hayitboyevich Bozorov tashrif buyurib, jamoamizning bosh homiysi ERIELL GROUP rahbari Baxtiyor Fazilov yo‘llagan tabriknomaning matnini barcha futbolchi va murabbiylarga o‘qib eshittirdi.

Tabriknomada 2025-yilgi mavsumda chempionlik unvonini qo‘lga kiritishdek yorqin va haqiqatan ham tarixiy g‘alaba bilan tabriklab, 24 yillik tanaffusdan so‘ng Farg‘onaga chempionlik qaytgani, bu yutuq yorqin, ishonchli va munosib tarzda qo‘lga kiritilgani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, ushbu unvon “Neftchi” tarixidagi oltinchi chempionlik ekani, u Farg‘ona sporti tarixiga yangi sahifa qo‘shishi va klubni yana bir bor o‘zbek futbolining eng yuqori cho‘qqisiga olib chiqqani qayd etildi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi uchun jamoaning bosh homiysi sifatida bu g‘alabaning alohida ahamiyatga egaligi, klub bilan yelkama-yelka oldinga borayotganimizdan faxrlanishimiz va butun mamlakat bo‘ylab minglab muxlislarni ilhomlantirayotgan jamoani qo‘llab-quvvatlashimiz ham ta’kidlab o‘tildi.

Yangi mavsum davomida oldimizda yangi marralar turibdi — jamoamiz har qachongidan ham kuchliroq bo‘lish uchun izchil harakat qiladi. Osiyo maydonlarida esa yurtimiz sha’nini munosib himoya qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

ERIELL GROUP rahbari Baxtiyor Fazilovga klub rahbariyati nomidan minnatdorchilik bildirgan holda, yangi mavsumda ham bildirilgan ishonchni oqlash uchun barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilishini, o‘yinlarimiz orqali barcha muxlislarni quvontirishga va’da beramiz.

Tadbir so‘ngida, shuningdek, boshqa idora va tashkilotlar tomonidan yo‘llangan tabriklar ham o‘qib eshittirildi.

 

Улашинг: