
Ertaga «Istiqlol» markaziy o‘yingohida O‘zbekiston kubogi guruh bosqichi doirasida 3-tur bellashuvi o‘tkaziladi. Unda sevimli «Neftchi» jamoamiz Toshkentning «Oqtepa» klubini qabul qiladi.
Raqibimiz «Oqtepa» jamoasining tashkil topishi 2000 yilda ro‘y bergan. G‘anisher Shog‘ulomov ta’sischiligida ro‘yhatdan o‘tgan poytaxt klubi yurishini O‘zbekiston ikkinchi liga musobaqalaridan boshlaydi.Besh yil davomida ikkinchi ligada to‘p surib tajriba orttirgan «Oqtepa» jamoasi 2006 yilda birinchi ligaga o‘tib, 2018 yilgacha muntazam ravishda liga musobaqalarida qatnashib keladi. Bu vaqt oralig‘ida katta tajriba to‘plagan jamoa 2019 yil futbol mavsumida Pro liga chempionatiga yo‘l oladi. Lekin 2021 yilda «Oqtepa» jamoasi noma’lum sabablarga ko‘ra birinchi davradan so‘ng Pro ligadagi faoliyatini to‘xtatadi va jamoa tarqatib yuboriladi.Uch yillik tanaffusdan so‘ng, ya’ni 2024 yilda Oqtepa futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilaridan iborat yosh jamoa tuzilib, ikkinchi liga musobaqalarida qatnashadi va debyut mavsumdayoq g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Ushbu g‘alaba jamoaga joriy yildan boshlab birinchi ligada to‘p surish huquqini taqdim etadi. Hozirgi kunda birinchi liganing «Markaziy» mintaqasida harakatlanayotgan «Oqtepa» klubi 4 ta o‘yin o‘tkazib, bitta g‘alaba, bitta durang va ikkita mag‘lubiyat bilan turnir jadvalida oltinchi pog‘onani egallab turibdi. O‘zbekiston kubogi musobaqalarida esa «Neftchi» bilan bir guruhdan joy olgan Server Jeparov bosh murabbiyligidagi «Oqtepa» futbol klubi 2 ta uchrashuv o‘tkazib, har ikkalasida ham mag‘lubiyatga uchradi.
O‘zaro o‘yinlar statistikasiga e’tibor qaratamiz, «Neftchi» hamda «Oqtepa» jamoalari O‘zbekiston chempionati doirasida Pro liga musobaqalarida yetti marta to‘qnash kelishgan.Ushbu qarama-qarshilikda «Neftchi» 3 marta g‘alaba qozongan bo‘lsa,»Oqtepa» ham 3 ta g‘alabani qo‘lga kiritgan,1ta uchrashuv durang bilan yakunlangan.To‘plar nisbati 15-7 farg‘onaliklar foydasiga.
Pro liga musobaqalarida qayd etilgan natijalar
2019 yil
«Neftchi»-«Oqtepa» 1:0
«Oqtepa»-«Neftchi» 0:3
«Neftchi»-«Oqtepa» 1:2
«Oqtepa»-«Neftchi» 2:1
2020 yil
«Neftchi»-«Oqtepa» 1:1
«Oqtepa»-«Neftchi» 2:1
2021 yil
«Neftchi»-«Oqtepa» 7:0
Eslatib o‘tamiz, 14 may kuni O‘zbekiston kubogi uchun bo‘lib o‘tadigan «Neftchi»-«Oqtepa» bahsini Isroil Imomnazarov boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradi. Uchrashuv soat 19:15 da start oladi.