Chor. Mar 12th, 2025

"NEFTCHI"

Professional futbol klubi

MARUSHICH UCHRASHUV QAHRAMONI

Turkiyadagi yig‘inlar doirasida «Neftchi» navbatdagi nazorat uchrashuvini Gruziyaning «Kolxeti» jamoasi bilan o‘tkazdi. Bellashuvning dastlabki daqiqalarida ustunlik va to‘p nazorati gruziyalik futbolchilar tomonida bo‘ldi. Ular xatto Botirali Ergashev qo‘riqlagan darvozamizga bir qancha xavfli zarbalar berishdi. Shu zarbalardan biri darvoza to‘siniga tegib qaytdi. Yaxshiki yigitlarimiz asta sekin o‘zlariga kelib, tashabbusni qo‘lga oldilar. To‘pni raqibga bermay o‘zlarida ushlab turishdan tashqari, kutilmaganda xavfli hujumlar ham uyushtirishdi. Afsuski, raqiblar darvozasi tomon yo‘llangan zarbalar nishonga aniq yetib bormadi. Shu bois ustunlik neftchilar tomonida bo‘lsada, birinchi bo‘limda hisob ochilmadi.

Uchrashuvning ikkinchi bo‘limini ham hujumkorlik bilan boshlagan Vitaliy Levchenko shogirdlari 62-daqiqada kutilmagan voqeaga duch keldilar. Himoyachimizning darvozabonga to‘p oshirishda yo‘l qo‘ygan xatosidan foydalanib qolgan gruziyalik hujumchi to‘pni darvozaga aniq yo‘llab, hisobni ochdi 0:1. Bu hol yigitlarimizning g‘azabini oshirib, ahvolni o‘nglash uchun yoppasiga hujumga o‘tishga chorladi. Natija uzoq kutilmadi. Ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan serbiyalik hujumchimiz Zoran Marushich mehmonlar zarbasidan bir daqiqa o‘tmasdanoq «Kolxeti» darvozasiga to‘p kiritib hisobni tenglashtirdi 1:1.Yigitlarimiz kiritilgan goldan ruhlanib, hujumkorlikni yanada kuchaytirdilar.Bu esa 74-daqiqada Zoran Marushich gruziyaliklar darvozasini yana aniq nishonga olib, hisobni 2:1 ko‘rinishiga yetkazishiga olib keldi.Uchrashuvning 85-daqiqasida raqiblar himoyachisi o‘z jarima maydonchasi ichida to‘pni qo‘l bilan qaytargani bois bosh hakam 11-metrli penalti belgilashga majbur bo‘ldi. Ammo, Jamshid Iskanderov jarimani mo‘ljalga aniq yetkaza olmadi. U bergan zarbani darvozabon qaytarib, o‘z jamoasini uchinchi goldan saqlab qoldi.

Shu tariqa, yigitlarimizning jiddiy va shiddatli hujumlari bilan o‘tgan bu uchrashuv neftchilarning mahoratlari tobora oshib borayotganligini namoyish etdi. Futbolchilarimizga ana shu shiddatkorlikni sira bo‘shashtirmay, kelgusi bahslarda g‘olibona yurishni qizg‘in davom ettirishlarini tilab qolamiz.

Nazorat o‘yini, Antaliya
«Neftchi» – «Kolheti»
 2:1

Gollar: Kolheti (62) – Zoran Marusich (63) , Zoran Marusich (74)
«Neftchi»: 1.Botirali  Ergashev  21.Muxsin Ubaydullayev  20.Anvar Gʻofurov  3.Farruh Sayfiyev  77.Bilolhon Toshmirzayev  66.Ibrohimxalil Yuldashev  27.Ikrom Aliboyev  11.Jamshid Iskanderov  7.Abror Ismoilov  8.Vladimir Yovovich  22.Toma Tabatadze

Zaxiradagilar:   25.Eldor Suyunov  45. Akbar Toʻrayev  60.Muhammadziyo Adahamjonov  44.Zoran Marusich  17.Muhmamadali G’iyosov  24.G’ulomhaydar Gʻulomov  9.Shohruh Gadoyev  14.Jamshid Boltaboyev

Bosh murabbiy: Vitaliy Levchenko

Улашинг: