YaNGI MURABBIY BILAN SUHBAT

Maʼlumki, "Neftchi"ni ogʻir ahvoldan chiqarib, ilgarigi shahdam qadamlarini tiklash maqsadida jamoa rahbariyati yangilandi. Tojikiston futbolida masʼul vazifalarda ishlab, jamoatchilik orasida izzat-hurmat va obroʻ-eʼtibor qozongan Vitaliy Grigoryevich Levchenko" Neftchi" jamoasining bosh murabbiyi etib tayinlandi. Biz unga qator savollar bilan murojaat qildik. — Siz oʻzbek futboli va "Neftchi" klubi haqida qanday tasavvurga egasiz? — Oʻzbekistonda futbol yaxshi rivojlanmoqda. Barcha jamoalar oʻz imkoniyatiga qarab yaxshi shakllangan. Shu bois, natijalar qanday boʻlishini oldindan aytish qiyin. Oʻzbek futbolchilari oʻz mamlakatidagina emas, balki Osiyo davlatlarida ham oʻz imkoniyatlarini namoyish etib kelmoqdalar. "Neftchi" jasoasida malakali oʻyinchilar yetarli. Lekin, buning amaliy natijasi sezilmayapti. Murabbiylar shtabi ana shu masalalar bilan jiddiy shugʻullanishi kerak. "Neftchi" boy tarih va anʼanalarga ega. Biz hammamiz hamkorlikda ana shu anʼana va obroʻni tiklashimiz lozim.Klub tarihida oʻzbek futboli afsonalaridan biri Yuriy Vazgenovich Sarkisyanning alohida oʻrni bor.Men uni jamoaning Fargʻonadagi uchrashuvlaridan biriga taklif etib, qilgan samarali mehnatlari uchun chin yurakdan minnatdorchilik bildirib, yaxshilikka-yaxshilik bilan eʼzozlash tashabbusi bilan chiqmoqchiman. — Siz kelguningizga qadar jamoa chempionatning birinchi davrasini 13-oʻrinda yakunladi. Ana shu ogʻir ahvoldan chiqish yoʻli nimadan iborat deb oʻylaysiz. — Bizda ikkinchi davraga tayyorgarlik rejasi mavjud. Biz bu rejalarni toʻla amalga oshirish uchun jiddiy masʼuliyat bilan ish olib borishimiz kerak. — Siz jamoaning milliy chempionatdagi bellashuvlariga nazar tashlaganmisiz. — Menda jamoamiz haqida ayrim axborotlar bor. Lekin, endilikda nima ish bilan shugʻullanish va qaysi pozisiyani kuchaytirish lozimligi haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarur. — Ayni paytda klubda 3 nafar legioner bor. Jamoani kuchaytirish uchun ularni 5 nafarga yetkazish kerak. Siz bu haqda oʻylab koʻrdizmi. — Biz bu masalani chuqur oʻylab hal qilamiz. Chunki, jamoani tubdan yaxshilash uchun masʼuliyatni chuqur his etadigan malakali futbolchilar kerak. — Oʻzbek futbol klublarida faollik koʻrsatib, oʻynayotgan tojikistonlik yigitlar koʻp. Ular orasida Akmal Xolmatov, Rahmatulla Fuzaylov, Ehsoni Payshanbelar bor. Siz yangi murabbiy sifatida jamoaga Tojikiston futbolchilaridan taklif etish niyatingiz bormi. — Mening fikrimcha, Tojikiston yoki boshqa davlat fuqarolik pasport egasi boʻlishning unchali ahamiyati boʻlmasa kerak. Asosiysi, bizga oldimizdagi vazifani yaxshi tushunadigan va maydonda masʼuliyatni chuqur his etib, harakat qiladigan mahoratli futbolchilar kerak. Ular mahalliy sharoitni va milliy anʼanalarni yaxshi bilishlari va doimo yuksak marralarga intilishlari kerak. — Murabbiylar shtabini shakllantirish uchun oʻzingiz bilan ishlagan yoki siz yaxshi biladigan mutaxassislarni taklif etasizmi. — Ha, deyishim mumkin. Bu borada jalb etilgan mutaxassislar talab va masʼuliyatni yurakdan his etib, yuksak marralarni egallash uchun butun vujudi bilan oldinga intilishi kerak. Bizning harakatimiz shveysariya soati kabi aniq va behato boʻlishi kerak. — Jamoa ikkinchi davra uchrashuvlariga tayyorgarlikni qachon boshlaydi. — Belgilangan reja asosida 7 iyul kuni ish boshlaymiz. — Klub muxlislari haqida qanday fikrdasiz. — Fargʻona futbol ishqibozlari oʻz jamoalariga mehr va sadoqatlarini azal-azaldan namoyish etib kelmoqdalar. Ularning jamoamizga hurmat va ehtiromi "Neftchi" yuksak choʻqqilariga koʻtarilgan yillarda juda baland edi. Biz oʻsha ehtiroslarni qaytarish uchun "Neftchi"ning azaliy gʻolibona yurishlarini tiklashimiz va oʻzbek futbolida oʻz oʻrnimiz va mavqeimizga ega boʻlishimiz kerak. Shunga intilamiz. — Yaqinda ishga kelgan serbiyalik mutaxassis Milan Chirich haqida nima deya olasiz. — U yangilangan murabbiylar shtabida biz bilan birga ishlaydi. "Neftchi" matbuot xizmati