“Xorazm” — “Neftchi” uchrashuvi test imtihonlari sabab 29 avgust kuniga koʻchirildi
Pro liga 14-turidan oʻrin olgan “Xorazm” — “Neftchi” uchrashuvi 29 avgust — yakshanba kuni boʻlib oʻtadi. Reja boʻyicha mazkur bellashuv 5 avgustda oʻtishi kerak edi. Biroq davlat test imtihonlari “Xorazm” klubining uy arenasida ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Shundan kelib chiqib, mezbonlar uchrashuvni 2 avgustga koʻchirish taklifi bilan chiqdi. Biroq bu tanaffusdan keyingi oʻyinlarga tayyorgarlik koʻrayotgan “Neftchi” klubi rejalariga oʻzgartirish kiritishni taqazo etadi. Shundan kelib chiqib, Fargʻona tomoni uchrashuvni 5 avgust kuni “Istiqlol” stadionida oʻtkazish taklifi bilan chiqdi. OʻzPFL har ikki tomon taklifini oʻrganib chiqib, uchrashuvni 29 avgust sanasiga tayin qildi. Shu tariqa Pro liganing tanaffusdan keyingi 14-turida 2 ta uchrashuv boʻlib oʻtadi. 4 avgust kuni “Yangier” oʻz maydonida “Olimpik”ni qabul qiladi. 5 avgust sanasida esa “Dinamo” klubi Gʻuzorda “Shoʻrtan” mehmoni boʻladi. Manba: pfl.uz