Yangiliklarga qaytish
Umumiy

Viloyat hokimi “Neftchi” muxlislariga tabrik yoʻlladi

8-oktabr, 2021·1 min o'qish
IMG_20201229_165749_252-768x511

“Fargʻona yana chempionlik shukuhi bilan toʻladi!” Viloyat hokimi “Neftchi”ning Superliga yoʻllanmasini qoʻlga kiritishi munosabati bilan fargʻonalik futbol muxlislariga tabrik yoʻlladi Oʻzbekiston Pro ligasining 20-tur bahslari doirasida Gʻijduvonda Buxoroning “Nurafshon” jamoasi bilan bellashgan “Neftchi”, raqib ustidan 4-1 hisobida ishonchli gʻalaba qozonib, muddatidan avval Superliga yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Bu munosabat bilan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov fargʻonalik futbol ishqibozlariga hamda “Neftchi” jamoasi muxlislariga oʻz tabrigini yoʻlladi: "Aziz fargʻonaliklar, sevimli “Neftchi” jamoamiz muxlislari! Barchangizni bugun “Nurafshon” ustidan safarda 4-1 hisobida qozonilgan ishonchli gʻalaba hamda muddatidan oldin qoʻlga kiritilgan Superliga yoʻllanmasi bilan tabriklayman! Bu muvaffaqiyat oldimizga qoʻygan buyuk maqsadlar yoʻlidagi dastlabki qadam boʻldi. Mavsum oldidan jamoaning muxlislar bilan taqdimot uchrashuvida “Neftchi”ga Superligada oʻynash, oʻynaganda ham yuqori oʻrinlar uchun kurashib, Osiyo chempionlar ligasida toʻp surish yarashadi!” degan fikrni bildirgandim. Bugun ushbu soʻzlarni yana bir takrorlashga tayyorman. Nafaqat mamlakatimizda balki Osiyo miqyosida ham oʻzining shonli tarixiga ega “Neftchi” jamoamiz nasib qilsa, kelgusi mavsumdan boshlab Superligada oʻzining yorqin oʻyinlari hamda ishonchli gʻalabalari bilan barchamizga xursand qiladi, Fargʻona yana chempionlik shukuhi bilan toʻladi! Umid qilamizki, kelgusi mavsum Fargʻona viloyati futboli uchun yangidan tiklanish mavsumi boʻladi. Bosh jamoamiz “Neftchi” bilan bir qatorda viloyatimizning Superliga va Pro ligada ishtirok etadigan boshqa klublarimiz ham muxlislarimiz uchun quvonchli onlarni taqdim etishadi, viloyatimiz birinchiligi ishtirokchilari boʻlgan shahar va tumanlar jamoalari ham shiddatli oʻyinlari bilan viloyatimiz futboli rivojiga hissa qoʻshadilar. Fargʻonamizga futbol bayrami muborak boʻlsin!"

Ulashish

O'xshash yangiliklar