Yangiliklarga qaytish
Umumiy

Superliganing 2021 yilgi mavsumiga 20 fevral kuni qurʼa tashlanadi

8-fevral, 2021·1 min o'qish
UzPFL yangi logotipi

20 fevral — shanba kuni Superliganing 2021 yilgi mavsumiga qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtadi. Marosim 18:15 dan boshlab “Sport” telekanali orqali jonli efirga uzatiladi. 2020 yilgi pandemiya sabab musobaqalar 20 dekabr sanasiga qadar davom etganidan xabaringiz bor. Shundan kelib chiqib, qishki transfer oynasi oʻtgan yillardagi kabi 17 dekabrda emas, 4 yanvar sanasida ochildi va u 12 martga qadar davom etadi. 2021 yilgi mavsum mamlakatning amaldagi chempioni “Paxtakor” hamda vise-chempioni “Nasaf” oʻrtasidagi Superkubok uchrashuvi bilan start oladi. Mazkur bellashuv 6 mart — shanba kuni boʻlib oʻtadi. Superkubok uchrashuviga qaysi stadion mezbonlik qilishi yaqin orada eʼlon qilinadi. 9 mart kuni esa Superliganing ilk turi boshlanishi belgilangan. 22 martdagi FIFA kuniga qadar Superliganing 3 ta turi boʻlib oʻtadi. Hozirgacha Superliganing iyul oyiga qadar boʻlib oʻtadigan 13 ta turi hamda Oʻzbekiston kubogining guruh bosqichi va 1/8 final uchrashuvlari sanalari rejaga kiritilgan. Biroq ayni vaqtda OFK Chempionlar ligasi hamda OFK kubogining markazlashtirilgan formatdagi guruh bosqichiga mezbonlik qiluvchi mamlakatlarni aniqlayotgani va bunda Oʻzbekiston shaharlarining ham ehtimoliy mezbonligi bor ekanidan kelib chiqib, 2021 yilgi mavsum taqvimi biroz keyinroq ochiqlanadi. Maʼlumot uchun, Superliganing 2021 yilgi mavsumida ham gʻoliblik uchun 14 ta klub kurash olib boradi: “Paxtakor”, “Nasaf”, AGMK, “Bunyodkor”, Qoʻqon-1912”, “Soʻgʻdiyona”, “Metallurg”, “Navbahor”, “Lokomotiv”, “Mashʼal”, “Qizilqum”, “Surxon”, “Andijon” va “Turon”. Mavsum yakuniga koʻra soʻnggi ikki oʻrindan joy olgan klub Pro ligaga tushiriladi. Superliganing 12-oʻrnidan joy olgan klub esa Pro liganing uchinchi jamoasiga qarshi oʻtish oʻyinini avvalgi yildagi kabi safarda oʻtkazadi.

manba: pfl.uz

Ulashish

O'xshash yangiliklar