Superligaga 11 fevral kuni jonli efirda qurʼa tashlanadi

Avvalroq qurʼa 10 fevral kuni boʻlib oʻtishi maʼlum qilingandi. Ammo maʼlum sabablar tufayli OʻzPFL jarayonni 1 kunga kechiktirdi. Bungacha qurʼa jarayoniga barcha klub vakillari taklif etib kelinayotgandi. Ammo hozirda Superliganing qator klublari xorij yigʻinida boʻlib turibdi. Yanvar oyida futbolchilari asosan terma jamoalar bilan birga boʻldi. Mavsumga oz qolayotganidan kelib chiqib, OʻzPFL klublarning tayyorgarlik jarayoniga bevosita taʼsir oʻtkazishni istamadi. Shuningdek, joriy mavsumdan boshlab futbol klublarining oʻz yillik smetasini OʻFA bilan kelishishi amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Unga qadar esa klublar oʻz futbolchilarini OʻzPFL roʻyxatidan oʻtkaza olmaydi. Buning natijasida futbol klublari oʻtgan yilning 6 dekabr sanasidan boshlab ochiq turgan transfer oynasi davomida roppa-rosa ikki oy yoʻqotishlariga toʻgʻri keldi. Oldindagi 18 kun davomida ular barcha masalaga ulgurishlari talab etiladi. Shularni inobatga olib, Superliga qurʼa marosimi “Sport” telekanali studiyasi orqali jonli efirga olib chiqiladi. Qurʼa haqqoniy oʻtayotganini nazorat qilish uchun unga klublarning Toshkentda boʻlib turgan bir qator vakillari ham taklif etiladi. Xabaringiz bor, ayni kunlarda “Sport” Xitoyda davom etayotgan qishki Olimpiada oʻyinlarini namoyish qilyapti. Yuqoridagi holatlar sabab telekanal va OʻzPFL kelishib, qurʼa marosimini 1 kun keyin 21:30 da efirga olib chiqishga qaror qildi. Qurʼa atrofidagi qolgan jarayonlar ijtimoiy tarmoqlarimizdagi sahifalarimiz orqali yoritib boriladi.