Pro liga. Elita uchun kurashuvchi jamoalarning keyingi taqvimi maʼlum

Kecha — 29 oktyabr kuni Coca Cola Superliga yoʻllanmasi uchun kurashni davom ettiruvchi Pro liganing toʻrt klubi nomi aniq boʻldi: “Neftchi”, “Shoʻrtan”, “Turon”, “Dinamo”. OʻzPFL kecha oqshom mazkur toʻrt klub vakillari bilan onlayn yigʻilish oʻtkazdi va taqvim borasida klublar takliflari bilan qiziqdi. Eʼtibor qaratilsa, mazkur toʻrt klubning ikkitasi Fargʻonada va yana ikkitasi bir-biriga nisbatan yaqinroq boʻlgan Samarqand hamda Gʻuzorda joylashgan. Shundan kelib chiqib, voha jamoalari vodiyga bir borishda ketma-ket ikki uchrashuvni oʻtkazib kelishi, shuningdek, vodiy jamoalari ham bir safar davomida vohada ikki oʻyinda ishtirok etishi moliyaviy tomondan yengilroq variant deb topildi. Bu nafaqat mablagʻni, balki vaqtni ham nisbatan iqtisod qilish imkoniyatini beradi. Shuningdek, translyasiya masalasida ham yengilliklar yaratadi. Mazkur taklifdan kelib chiqib, qurʼa tashlash marosimi onlayn tashkil etildi. Bunda avvaliga I davra uchrashuvlari vohada boʻlib oʻtadimi yoki vodiyda masalasiga oydinlik kiritib olindi. Keyin esa raqiblar ketma-ketligi aniqlab olindi. Bunda har ikki davraning dastlabki ikki turida jamoalardan biri translyasiya masalasidan kelib chiqib, tiklanish uchun koʻproq imkoniyatga ega boʻlardi. Aynan koʻproq imkoniyatga ega boʻlgan klub koʻp narsaga oydinlik kiritib berishi kerak boʻlgan soʻnggi turni mehmonda oʻtkazishi, tiklanish uchun kamroq vaqtga ega boʻlgan klub esa soʻnggi turni oʻz uyida oʻtkazishiga avvaldan kelishilgandi. Qurʼa bu masalaga ham oydinlik kiritdi. Quyida noyabr oyidagi oʻyinlar taqvimi bilan tanishib olishingiz mumkin. Musobaqaning tezroq tugashi shuning uchun ham kerakki, Pro liganing ikki jamoasi keyinroq Oʻzbekiston Coca Cola kubogida ishtirok etadi. Maʼlumot uchun, Pro liganing jon saqlab qolish yoʻlida kurash olib boradigan jamoalarining keyingi taqvimi ertaga ishlab chiqiladi. Buning uchun bugun boʻlib oʻtadigan “Xorazm” — “Zomin” uchrashuvi oʻtkazib olinishi hamda uning vakillari OʻzPFL bilan onlayn yigʻilishda ishtirok etishi kerak boʻladi. 15-tur 5 noyabr, payshanba DINAMO — TURON 6 noyabr, juma ShOʻRTAN — NEFTChI 16-tur 9 noyabr, dushanba ShOʻRTAN — TURON 10 noyabr, seshanba DINAMO — NEFTChI 17-tur 14 noyabr, shanba DINAMO — ShOʻRTAN 15 noyabr, yakshanba TURON — NEFTChI 18-tur 19 noyabr, payshanba TURON — DINAMO 20 noyabr, juma NEFTChI — ShOʻRTAN 19-tur 23 noyabr, dushanba NEFTChI — DINAMO 24 noyabr, seshanba TURON — ShOʻRTAN 20-tur 29 noyabr, yakshanba NEFTChI — TURON ShOʻRTAN — DINAMO Manba: https://pfl.uz/uzb/news/detail/12634