PRO LIGA AVGUSTDAN BOShLAB DAVOM ETTIRILADI

Coca Cola Superliga klublari pandemiya davrida SEOA bilan kelishilgan yoʻriqnoma shartlariga rioya qilishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu kabi muammolar Pro liga klublarida ham boshlangani sir emas, xususan, “Dinamo” va “Xorazm” klublarida virus yuqtirib olgan futbolchilar boʻlishi mumkin. Yaqindagina OʻzPFL Pro liga uchrashuvlari translyasiyasini yoʻlga qoʻyish masalasida UzReport bilan kelishuvga erishgandi. Unga koʻra, avgust oyidan boshlab kamida 1 tadan uchrashuv yoritib borilishi kerak. Shundan kelib chiqib va albatta futbolchilar salomatligini oʻylab, Pro liga bellashuvlari avgust oyidan boshlab davom ettiriladi. Bu orada OʻzPFL va UzReport uchrashuvlar taqvim rejasi borasida oʻzaro fikr almashadi. Yaʼni, Pro liga uchrashuvlarining Yevropa futboli bilan bir vaqtga toʻgʻri kelib qolmasligi masalasi muhokama etiladi. Milliy terma jamoaga Pro ligadan jalb qilinadigan futbolchilar soni kamroq ekanidan kelib chiqib, Pro liga taqvimini qayta koʻrib chiqish masalasi Superliganiki kabi murakkab boʻlmaydi. OʻzPFL barcha oʻzgarishlar haqida oʻz vaqtida maʼlumot berib boradi. Manba: pfl.uz