"NEFTChI"NING ShONLI TARIXI

Futbol ishqibozlari "Neftchi"ning bugungi muvaffaqiyatlari, gʻolibona qadamlari Fargʻona futboliga berilgan omad natijasi, deb baholamoqdalar.Bu gapda jon bor.Lekin, sevimli jamoamiz bunday mashhurlikka toʻsatdan erishgani yoʻq.Uning shonli tarixi hamma havas qilsa arziydigan gʻolibona va muqaddas qadamlari bor. Jamoaning mamlakat miqyosida bunday shon sharaflarga ega boʻlishi va dovruq taratishida bu ishlarga bosh qosh boʻlib tamal toshini qoʻygan mashhur mutaxassislar,futbol faxriylari bor.Shulardan biri koʻp yillardan beri "Neftchi" fidoyisi va mashhur faxriysi Lev Viktorovich Vaxtindir. Uning "Neftchi" jamoasida olib borgan samarali va ibratli faoliyati bilan tanishish maqsadida xonadoniga tashrif buyurib,u bilan batafsil suhbatlashdik. — Lev Viktorovich,siz "Neftchi"ning yaratilishida boshida turgansiz.Shu hususda gapirib bersangiz — Men Moskva shahrida tugʻilib oʻsganman. Taqdir taqozosi bilan Toshkentdagi jismoniy tarbiya oliygohini tamomlaganman.Soʻngra Yangiobod shahar Sport qoʻmitasining rahbari sifatida ish boshladim. Faoliyatim davomida Yangiobod shahrining rahbari menga futbol jamoasini tashkil etish boʻyicha taklif bilan chiqdi va biz "Vostok" nomi bilan futbol klubini uyushtirdik.1962 yilga kelib Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi bosh direktori Rafael Shaxnazarov Toshkentda safarda boʻlganlarida menga va tajribali futbol mutaxassisi Otari Dzidziguriga Fargʻonada yangi futbol jamoasini tashkil etishda yordam berishimizni soʻradi.Biz ikkilanmasdan uning qiziqarli va istiqbolli taklifiga rozi boʻldik va shu tariqa Fargʻonaga yoʻl oldik.Shu bilan birga yangi jamoada bosh murabbiy nomzodi koʻrib chiqildi va Sverdlovsk shahridan Aleksandr Morozov bosh murabbiylikka taklif etildi.Ushbu mutaxassislarning saʼy-harakatlari bilan jamoaga koʻplab futbolchilar taklif etildi va "Neftyanik" nomli klubga asos solindi.Aytib oʻtish lozim, oʻsha davrda jamoa faoliyat yuritishi uchun yangitdan sharoit yaratilib berish vazifasi zarur boʻlgan va FNQIZ bosh direktori Rafael Shaxnazarov bu takliflarni amalga oshirgan. — Sizning futbol dunyoqarashingizda qaysi murabbiyning maslahatlari foyda bergan — Jamoamizda maʼlum bir muddat ish yuritgan Budagov Sergey Nikitich mening futbolga boʻlgan dunyoqarashimga kuchli taʼsir koʻrsatdi.Uning futbol falsafasi va koʻp yillik tajribasi futbolga boʻlgan qiziqish va intilishlarimni yanada oshirdi. — Faoliyatingizda muhim va hissiyotlarga boy boʻlgan qaysi oʻyinni esga olishingiz mumkin — Bunday bahslar koʻp boʻlgan.Lekin ulardan biri,1991 yilda Ozarbayjon poytaxti Boku shahridagi uchrashuv boʻlgan.Shaharning "Neftchi" jamoasi turnir jadvalida ogʻir ahvolga tushib qolganligi uchun jamoa rahbarlari menga pul berib,oʻyinda magʻlubiyatga uchrab ularga 2 ochkoni berishimizni soʻrashdi.Men bu taklifni rad etdim.Shundan soʻng ular jamoamiz aʼzolaridan bir ikkitasiga katta pul vaʼda qilib, magʻlubiyatni naqd qilib berishga undashgan.Men buni oʻz vaqtida payqab qolganman,oʻsha futbolchilarga nisbatan qatʼiy chora koʻrilishi va futboldan chetlatilishlarini uqtirganman.Natijada ertasi kuni oʻtkazilgan oʻsha muhim uchrashuv juda tartibli, qiziqarli hamda yorqin tarzda kechdi va futbolchilarimiz 3:1 hisobida gʻalaba qozondi. — Oʻsha davr bilan solishtirganda sizningcha futbolimiz qanchali oʻzgardi. — Men uchun futbol oʻzgarmaganday qolmoqda.Chunki,oʻsha davrda atletik va tezkor futbolni baʼzi bir jamoalarimiz qoʻllagan boʻlsa,hozirgi kunda esa barcha jamoalarimiz atletik va tezkor futbol oʻynashga moslashib oldi.Shu bilan birga futbolimiz ommaviylashib, Abduqodir Husanov, Abbosbek Fayzullaev kabi iqtidorli yoshlarimiz koʻpaymoqda.Lekin,chet el futbolidan andoza sifatida kirib kelgan salbiy oʻzgarishlarni ham aytib oʻtmoqchiman. Masalan,koʻplab vaziyatda futbolchilar maydonda yiqilib yotishlari va vaqtni choʻzish uchun shifokorni yollash holatlari oʻyinning zavqini buzishga olib kelmoqda. Bunday simulyativ holatlar ilgari mutlaqo ishlatilmagan. — Lev Viktorovich faoliyatingiz davomida jamoaning qoʻlga kiritgan yutuqlari va natijalari haqida gapirib bersangiz — 1962 yilda tashkil topgan jamoamiz sovet ittifoqi chempionatlarida 1991 yilga qadar ishtirok etgan. "Neftchi" shu davrda asosan ikkinchi liga musobaqalarida qatnashgan edi va oʻz mintaqasida 6 marta birinchi oʻrinni egallagan va 1990 yilda oʻz mintaqasining gʻolibi sifatida Birinchi ligaga yoʻl olgan. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach 1992 yilda oʻz chempionatini tashkil etdi va shu yildan boshlab Oliy liga musobaqalari yoʻlga qoʻyildi."Neftchi" klubi Oliy va Superliga chempionatlarida faol ishtirok etib,hozirgacha 6 karra Oʻzbekiston chempioni, 9 karra kumush medal,bir marta bronza medali, 2 karra Oʻzbekiston kubogi va joriy yilda ilk bor Oʻzbekiston Superkubogi sohibiga aylandi.Bundan tashqari "Neftchi" xalqaro musobaqalarda ham oʻzini koʻrsatgan.Masalan: 1994 yilda Moskvada boʻlib oʻtgan MDH kubogi musobaqasida faxrli ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan, 1994/1995 yillarda klublar oʻrtasida Osiyo chempionatining bronza medaliga ega chiqib uchinchi oʻrinni band etgan. — Prezidentimiz Oʻzbekistonda sportni,shu jumladan,futbolni rivojlantirish va ommalashtirish masalalariga jiddiy eʼtibor bermoqda.Yaqinda boʻlib oʻtgan suhbatda ham millionlar oʻyini hisoblanmish, futbolni yanada yuksak darajaga koʻtarish yuzasidan aniq koʻrsatmalar berildi.Viloyatimizda ham bu sohada jiddiy oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.Bu masalada sizning fikrlaringiz qanaqa — Azaldan viloyat rahbarlari ham futbolni ommalashtirish va uni hamma sohada qoʻllab quvvatlash yuzasidan yaxshi ishlarni amalga oshirganlar.Ayniqsa, Hayrullo Hayitbaevich Bozorov viloyat hokimi vazifasiga kelgach,u darhol viloyat futbol assosiasiyasi rahbarligini ham oʻz zimmasiga olib,Fargʻona futbolining dovrugʻi va shon shuhratini oshirish masalalari bilan jiddiy shugʻullana boshladi.Ana shu saʼy harakatlar natijasida "Neftchi" jamoasi 24 yillik tanaffusdan keyin mamlakat chempioni darajasiga koʻtarildi hamda Oʻzbekiston Superkubogini qoʻlga kiritdi.Hayrullo Hayitbaevich chinakam futbol shaydosi.Futbolga boʻlgan mehr uning butun vujudiga singib ketgan.U qaerga bormasin, nima ish bilan shugʻullanmasin futbolni aslo esdan chiqarmaydi.Hokimning bu fidoyiligi va siyosati bundan keyin ham yorqin natijalar beradi,degan umiddaman. — Hozirgi futbolchilar va ularning ustozlariga, millionlar oʻyini muxlislariga sizning tilaklaringiz qanday — Birinchi navbatda futbolga mehr muhabbat va sadoqat,oʻzing tanlagan kasbni puxta egallash va hamisha masʼuliyat bilan yondashish, futbol millionlar quvonchi va ardogʻida ekanligini butun vujuding bilan xis qilish va buni kundalik hayotda isbotlab namoyish etishlarini tilayman. Lev Viktorovich Vaxtin va "Neftchi"ning birinchi bosh murabbiyi Aleksandr Morozov "Neftchi" klubining asoschilaridan biri Otari Dzidziguri "Neftchi" klubining tashkil topishida taʼmal toshini qoʻygan FNQIZ bosh direktori Rafael Ayrapetovich Shaxnazarov Lev Vaxtin yosh futbolchilarning yosh murabbiyi davri Lev Vaxtin oʻsmirlar jamoasi bilan ishlagan davri "NEFTChI"ning birinchi bosh murabbiyi Aleksandr Morozov Lev Viktorovich Vaxtin Fargʻona paxta tozalash zavodi direktori Anvarjon Davidboevga jamoa ramzini topshirayotgan jarayondan lavha Lev Vaxtin va Yuriy Sarkisyan oʻsha davrdagi viloyat hokimi Alisher Otaboev bilan tushgan surat. Lev Viktorovich Vaxtin viloyat rahbarini kutib olmoqda Lev Viktorovich Vaxtinni taqdirlash marosimidan lavha Lev Viktorovich Vaxtin futbol jamoatchiligi orasida (old qatorda oʻngdan birinchi hozirgi kunda "Neftchi"ning ijrochi direktori Zohidjon Gʻofurov) Lev Viktorovich "Neftchi" aʼzolari bilan taqdirlash marosimida Lev Viktorovich Vaxtin "Neftchi" PFK futbolchilari davrasida












