"Neftchi" U-18 va klub tasarrufidagi futbol maktabi faoliyatining birinchi yarim yillik sarhisobi

Asosiy tarkibimiz qisqa taʼtilga chiqqanligidan foydalangan holda 2021 yil 6 iyul kuni “Neftchi” PFK qarorgohida klubning “U-18” jamoasining 1-davra oʻyinlari sarhisobi va klub tasarrufidagi bolalar va oʻsmirlar futbol maktabi ish faoliyati oʻrganib chiqildi. Yigʻilishni klub bosh direktori Z.Gʻofurov ochib berdi. U “Neftchi” PFK futbol boʻyicha 2021 yilgi mavsum yakunida 1-oʻrinni egallash hamda 2022 yilgi mavsumda Superligiga yoʻllanmani qoʻlga kiritishni oʻz oldiga qatʼiy maqsad qilganligini, hammamizga maʼlum. Superligada yaxshi natijalarga erishish bilan birga klubga OFK tomonidan klublarni lisenziyalash talablarini bajarilishi shartligi koʻrsatilganligini aytib oʻtdi. U klub tasarrufidagi bolalar va oʻsmirlar futbol maktabi tarbiyalanuvchilari klubning kelajagi ekanligi, ularni har tomonlama yetuk va barkamol inson, sogʻlom, sportga, ayniqsa futbolga boʻlgan mehrlarini, qiziqishlarini soʻndirmagan holda tarbiyalashimiz, kelajakda klubimizning asosiy tarkibida toʻp surishlari uchun tayyorlashimiz kerakligini taʼkidladi. Soʻz navbati klub texnik direktori, OʻFA instruktori Sh.Rayimdjanovga berildi. U “U-18” jamoasini 2021 yilgi chempionat oʻyinlariga “test” rejimida tayyorgarlik koʻrilganligi va ushbu yoʻnalish qanday natija berishi qiziqarli boʻlganligi, birinchi yarim yillik natijasiga koʻra ushbu yangi uslub oʻz mevasini berayotganini aytib oʻtdi. Birinchi davra yakuniga koʻra jamoa karvonboshilik qilmoqda, lekin bu asosiy vazifa emas. Asosiy vazifa yetuk, mukammal futbolchi tayyorlashimiz kerak deb oʻz nutqini yakunladi. Shundan soʻng, “ U-18” jamoasi bosh murabbiyi A.Alijonov soʻzga chiqib, yangi jamoani joriy yilning fevral oyidan boshlab “Hokim kubogi” va Oʻzbekiston Chempionatiga tayyorgarligi mobaynida viloyatimizdan 60 nafardan ortiq futbolchilarni sinovdan oʻtkizganligi, yakunda esa 23 nafar futbolchi bilan chempionat oʻyinlarini boshlaganligi, yutuqlar va bir qator kamchiliklarni sanab oʻtdi. II - davraga tayyorgarlik 15 iyuldan boshlanishini va bir qator yangi futbolchilar koʻrikda qatnashishligini taʼkidlab oʻtdi. Shundan soʻng, soʻz jamoa bosh murabbiyi yordamchisi B.Madaminovga berildi. B.Madaminov oʻz vazifasi yosh futbolchilarning hulq atvori, madaniyati, tarbiyasi, ilm fanning futboldagi ahamiyati, Vatanga, oilaga oʻz halqi va klubga boʻlgan muhabbat va sadoqatini tarbiyalashga qaratilgani va shular bilan bir qatorda futzal mashqlarining katta futbolda qanday foydalanayotganligi haqida hisobot berdi. Shundan soʻng, “Neftchi” PFK tasarrufidagi bolalar va oʻsmirlar futbol maktabi direktori M.Zokirov soʻzga chiqib, maktabning bugungi kuni, murabbiylarning malakasini oshirish, yutuq, xato va kamchiliklar toʻgʻrisida batafsil axborot berdi. Soʻng, klub horijiy aloqalar boʻlimi mutaxassisi, futzal jamoasi bosh murabbiyi, OʻFA instruktori F.Zokirov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4-dekabrdagi PF-5887 sonli “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora- tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi haqida va viloyatimiz hokimi tomonidan joriy yilning 7 iyun kuni 340-01-50 sonli tasdiqlagan “Fargʻona viloyatida futbolni 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl haritasi”ni klubimizda bajariladigan vazifalari haqida axborot berdi oʻtdi. Qoʻshimcha ravishda F.Zokirov futbol maktabimizda ayollar guruhi va futzal guruhini tashkil etish boʻyicha taklif kiritdi. Yoshlariga oid shakllantirilgan guruhlarda qoʻshimcha ravishda mini futbol mashgʻulotlarini oʻtkazib berish boʻyicha maktab metodisti S.Zokirov bilan ishchi reja tuzishga kelishildi. Boshqa viloyatlar FA yoki klublarning futzal jamoalari va BOʻFM murabbiylari oʻrtasida oʻzaro fikr almashishlar boʻyicha memorandum tuzib ishlash boʻyicha murabbiylardan fikr mulohazalar bildirildi. Shundan soʻng, navbatma-navbat BOʻFMning murabbiylari fikrlari, takliflari, talab va istaklari tinglandi. Yigʻilish soʻnggida “Neftchi” PFK bosh direktori Z.Gʻofurov soʻz olib, barcha aytilgan fikrlarni, yutuq va kamchiliklarni eshitib, mukammal oʻrganib chiqilishini, “U-18” jamomizni II-davra oʻyinlariga puhta tayyorgarlik koʻrishligi va yetarli sharoitlar bilan taʼminlashga, BOʻFM ning moddiy va texnik bazasini yaxshilashga, murabbiylarning tegishli lisenziyalarga oʻqishlarida amaliy yordam koʻrsatilishini taʼkidlab oʻtdi. U oʻz nutqining soʻnggida bunday uchrashuvlar kelgusida ham muntazam tashkil qilinishini va bu jonajon “Neftchi” futbol klubimizga va Fargʻona futboliga katta foyda berishini aytib, barchaga mehnat faoliyatlarida omad tiladi.



