"NEFTChI" FUTBOL KLUBINING RASMIY BAYoNOTI

Joriy yilning 1 dekabr kuni oʻtkazilgan "Neftchi"-"Turon" uchrashuvidagi tartibsizliklar kelib chiqqan holat yuzasidan bugun "Neftchi" FK qarorgohida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishga Fargʻona viloyati hokimi H.H.Bozorov raislik qildi. Yigʻilishda shuningdek,viloyat hokimining sport va turizm ishlari boʻyicha maslahatchisi H.Ahmedov, Fargʻona shahar hokimi oʻrinbosari F.Abdillazov, Fargʻona NQIZ direktori oʻrinbosari B.Moʻminov,"Neftchi" FK bosh direktori Z.Gʻofurov hamda Fargʻona viloyat futbol assosiasiyasi birinchi vise prezidenti N.Otaqoʻzievlar qatnashdilar. Viloyat hokimi H.Bozorov yigʻilish qatnashchilarini kun tartibidagi masalalar bilan tanishtirib oʻtdi. Yigʻilishda taʼkidlandiki,2020 yil 1 dekabr kuni oʻtkazilgan "Neftchi"-"Turon" bellashuvida "Neftchi" jamoasi futbolchilarining oʻyinni boshqargan hakamlarga nisbatan qilgan qoʻpolliklari tufayli yuzaga kelgan tartibsizliklar natijasida futbolga xos boʻlmagan holat boʻlganligi,"Neftchi" jamoasi masʼul xodimlari klub futbolchilarini oʻyinga yetarlicha jismonan va ruhan tayyorlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyganligi,tartibsizlik keltirib chiqargan futbolchilarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrilganligi haqida gapirib oʻtdi. Shuningdek,kelgusida "Andijon" FK bilan boʻlib oʻtadigan oʻyinga yetarlicha tayyorgarlik koʻrish hamda ijobiy natija koʻrsatish boʻyicha "Neftchi" futbol klubi masʼullariga tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berib oʻtdi. Yigʻilishda tashkiliy masala ham koʻrib chiqildi."Neftchi" FK masʼul xodimlari futbolchilarini oʻyinga yetarlicha jismonan va ruhan tayyorlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyganligi uchun bosh murabbiy A.Durmonov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. "Neftchi" FK matbuot xizmati

