"NEFTChI" FUTBOL KLUBINING LEGIONERLAR BOʻYIChA BAYoNOTI

Joriy yilning 6 iyul kuni Oʻzbekiston futbol assosiasiyasi Ijroiya qoʻmitasi Byurosining "Oʻzbekiston Professional futbol ligasi musobaqalarini tashkil qilish va oʻtkazish, shuningdek, mazkur musobaqalarda ishtirok etuvchi futbol klublari faoliyati bilan bogʻliq ayrim masalalarni koʻrib chiqish toʻgʻrisida" gi 03-sonli qarori eʼlon qilindi. Shundan kelib chiqib, "Neftchi" futbol klubiga ham legioner futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha taʼqiq qoʻyilganligi maʼlum boʻldi. "Neftchi" futbol klubi shuni maʼlum qiladiki, ayni damda "Neftchi" ixtiyorida boʻlgan va jamoa tarkibida avvalgi mavsumlarda harakat qilgan xorijiy legionerlardan qarzdorligi yoʻq. Pro ligada badal toʻlovi boʻyicha esa oz miqdorda qarzdorligi mavjud va tez kunlarda bu holatni bartaraf etish uchun chora-tadbirlar belgilangan. Oʻzbekiston Futbol assosiasiyasining mazkur qarori eʼlon qilingach, ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab boʻldi. Aytib oʻtish joiz, "Neftchi" futbol klubi oldidagi qarzdorligi yuqorida taʼkidlanganidek yaqin kunlar ichida bartaraf etiladi. Oʻzbekistonning besh karra chempioni,bir necha kumush va bronza medallari sohibi,OChL musobaqalarida yurtimiz sharafini munosib va muvaffaqiyatli himoya qilgan "Neftchi" klubi oʻzbek futboli imijini yanadayam yuqoriga koʻtarishga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Muxlislardan klubimizga oid turli tasdiqlanmagan xabarlarga ishonib qolmasliklarini soʻrab qolamiz. "Neftchi" futbol klubiga oid xabarlar rasmiy sahifalarimiz orqali eʼlon qilib boriladi. "Neftchi" matbuot xizmati