KESKIN KURAShLAR OSTIDAGI GʻALABA

Pro liganing ikkinchi bosqich oʻyinlarini safarda boshlagan jamoamiz bugun Gʻuzorda "Shoʻrtan"ga qarshi maydonda harakat qildi. Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, bu jamoalarning joriy yildagi toʻrtinchi toʻqnashuvi sanaladi. Bungacha boʻlib oʻtgan 3ta bahsda bir xil 2:1 natijasi qayd etilgan boʻlib,barchasida "Shoʻrtan"ning qoʻli baland kelgan edi.Gʻuzorliklar bilan boʻlgan qarama-qarshilikdagi magʻlubiyatlar seriyasiga barham berish hamda turnir jadvalidagi oʻrinlarini yanada mustahkamlab olish ilinjida maydonga tushgan neftchilar bugun shuning uddasidan chiqishga muvaffaq boʻlishdi. Oʻyin kutilgandek mezbonlarning hujumlari bilan boshlangan boʻlsa ham birinchi boʻlib hisobni "Neftchi" ochib berdi.Chiroyli uyushtirilgan kombinasiyadan soʻng jamoamiz toʻpurari Dostonbek Toshmatov boshi bilan aniq zarba yoʻllab hujumni ijobiy tarzda yakunladi 0:1. Bu goldan soʻng tashabbus gʻuzorliklar qoʻliga oʻtib,birinchi boʻlimda ular tomonidan qator havfli vaziyatlar yuzaga keltirildi.Lekin yakunda barcha urinishlari samarasiz boʻlib chiqdi. Ikkinchi boʻlimda jamoamizda oʻzgartirishlar amalga oshirildi va maydonga tajribali oʻyinchilardan Mansur Saidov, Otabek Zokirov hamda Pavel Smolyachenkolar kirib kelishi jamoamiz oʻyiniga yangi kuch bagʻishladi.63-daqiqada qarshi hujumga tashlangan Otabek Zokirov raqib himoyachilardan qochib ketib "Shoʻrtan" darvozasini ishgʻol etdi va hisobni 0:2 koʻrinishiga olib keldi. Shundan soʻng navbat mezbonlarga oʻtdi va koʻp vaqt oʻtmay turib,tezkorlikda uyushtirilgan hujumni Faxriddin Alimov supergol bilan yakunlab,hisobdagi farqni qisqartirdi 1:2. Goldan ruhlangan gʻuzorliklar "Neftchi"ni katta bosim ostiga olishdi.Tan olish kerak, ular tomondan juda koʻp golga tortaydigan vaziyatlar yuzaga keltirildi.Ammo, omad bu holatlarda jamoamizga kulib boqdi.Oʻzining ishonchli oʻyinlari bilan darvozamizni qoʻriqlab kelayotgan Sherzodbek Abduraimov bu gal ham chiroyli seyvlari bilan muqarrar gollardan asrab qoldi.Oʻyindagi toʻxtalishlar evaziga qoʻshib berilgan 5 daqiqa vaqt ham juda asabiy tarzda oʻtdi.Chunki, futbolchilardagi oʻyin mobaynida toʻplangan hissiyot va charchoqlik alomatlari hatolikka olib kelishi hech gap emas edi. Ammo bugun yigitlarimizda gʻalabaga boʻlgan ishtiyoq va xohishlari kuchliroq boʻlib chiqdi va yakunda "Neftchi" joriy yildagi oʻzaro oʻyinlar natijasini takrorladi 1:2, lekin bu safar natija biz tarafda gʻalabali boʻldi. Qiziqarli va keskin kurashlarga boy kechgan oʻyinda qoʻlga kiritilgan muhim gʻalaba bilan barchangizni tabriklaymiz. "Neftchi"matbuot xizmati