ILHOMJON MOʻMINJONOV: MAQSADIMIZ ChEMPIONLIKNI QOʻLGA KIRITISh

- Bugungi gʻalaba bilan barcha muxlislarimizni tabriklab qolaman.Oʻyin qiyin kechdi deb oʻylayman.Chunki,har bir futbolchi,har bir murabbiy jamoalarning natijalarini hisobga olib, harakat qiladi.Shundan kelib chiqib bugun psixologik(ruhan) tayyor emasligimiz bilindi.Lekin, qiyinchilik bilan boʻlsa ham baribir jamoamiz bugun gʻalaba qozondi. Ochko olib maqsad sari intilamiz. Maqsadimiz esa, chempionlikni qoʻlga kiritib Superligaga yoʻl olish.Keyingi "Oq-tepa" jamoasi bilan boʻladigan oʻyinimiz oson kechadi deb oʻylamayman.Chunki, "Oq-tepa" klubi yaxshi shakllangan.Shuning uchun bu bellashuvga jiddiy tayyorgarlik olib boramiz. Doston Toshmatovga kelsak, uning diskvalifikasiyasi yakuniga yetdi.Ertadan boshlab jamoamiz mashgʻulotlariga qoʻshilishi kutilmoqda.Uni ikkinchi davra oʻyinlariga tayyorlaymiz va roʻyhatga kiritamiz. Doston oʻtgan yili Pro liganing toʻpurari boʻlgan va saviyasi yuqori darajali futbolchi. Pozision oʻyinga tayyorgarlik koʻrgan edik. Sababi, bizga qarshi bellashuvda har bir jamoa himoyadan oʻyin koʻrsatadi.Bugun markazda va hujum chizigʻimizda koʻplab xatolarga yoʻl qoʻydik. Lekin,kiritgan har ikkala golimiz ham himoyachilarimiz yordamida amalga oshirildi. Bugungi oʻyinni qaytadan koʻrib, oʻrganib chiqamiz.Futbolchilarimiz ham oʻzlaridan xulosa chiqarishadi va keyingi uchrashuvlarda bunday xatolarga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilishadi. Bugungi raqibimizning himoyaviy oʻyin uslubida harakatlanishlarini oʻylagandik. Bu kabi jihatlar futbolchilarga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmay qoʻymaydi.Lekin,yakunda baribir gʻalaba qozonib, 3 ochkoga ega boʻldik. "Neftchi" matbuot xizmati