Ilhom Moʻminjonov: "Yigʻinlardan koʻnglim toʻldi"

Bahor va Navroʻzi olam tantanalari futbol mavsumining boshlanishiga ulanib ketdi. Ertadan keyin Pro liga jamoalari oʻrtasida Oʻzbekiston chempionatining 2021 yilgi rasmiy musobaqalari start oladi. Shu munosabat bilan "Neftchi" futbol klubi bosh murabbiyi Ilhomjon Moʻminjonov bilan suhbatlashdik. - Jamoani yil boshida qabul qilib oldingiz.Shu kungacha jamoa yangi mavsumga qanday tayyorgarlik koʻrganligi haqida qisqacha gapirib bersangiz. - Jamoaning birinchi yigʻini Toshkentda boʻlib oʻtdi, shundan keyin yanvar oyining oʻrtalarida ikkinchi yigʻin Fargʻonada oʻtkazilib, jamoa "Hokim Kubogi" musobaqasida ishtirok etdi. Turnir yakunlangach fevralda yana Toshkentga qaytdik. Hozirgi kunda esa oxirgi tayyorgarlik mashgʻulotlarini olib bormoqdamiz. Xullas, yigʻinlarga keladigan boʻlsak, koʻp futbolchilarni jalb qilib,koʻrikdan oʻtkazdik. Ularning ichidan oʻzimning taktik sxemamga mos kelgan oʻyinchilarni tanladim. Bugungi kunda 25 ta futbolchi roʻyhatga kiritildi. Oʻylaymanki, bu yigʻinlardan koʻnglim toʻldi. - "Navbahor" klubini boshqargan paytda bu jamoani Superliganing eng peshqadam klublari safiga olib chiqqan edingiz. Fargʻonalik futbol muxlislari ham buni hamon eslab yurishadi. Ilhomjon Ibragimjanovich oʻsha ibratli ishni Pro ligada ham namoyish etsa kerak, degan fikr bildirishmoqda. Bunga nima deysiz? - "Navbahor"ga keladigan boʻlsak, bu jamoada ikki mavsum mobaynida faoliyat olib bordim va ajoyib natijaga erishdim deb oʻylayman. Murabbiylar shtabi bilan yayrab, quvnab ishladik. "Navbahor"da qilingan ibratli ishlarni "Neftchi"da ham amalga oshiramiz. Oʻylaymanki, bu yilgi Pro liga oson boʻlmaydi. Chunki raqobat kuchayib yotibdi. Fargʻonalik muxlislarimiz duo qilib turishsa, "Navbahor"dagi gʻolibona oʻyinlarimizni namoyish etib, "Neftchi" uchun Superliga yoʻllanmasini qoʻlga kiritamiz. - Pro ligada 22 mart kuni yangi mavsum musobaqalarini "Neftchi" Toshkentning "Olimpik" jamoasi bilan boshlab beradi. Futbolchilarimiz bu jamoa bilan poytaxtda boʻlib oʻtgan nazorat uchrashuvida gʻalaba qozonisha olmagan. Oradan biroz vaqt oʻtdi. Endilikda holat qalay? - 22 mart kuni "Neftchi" va "Olimpik" bahsi Pro liga chempionatini ochib beradi. Bu uchrashuvga eʼtibor juda kuchli. Chunki, bellashuv bevosita televidenie orqali jonli efirda namoyish etiladi. Yaxshi oʻyin boʻladi. "Olimpik" jamoasiga eng kuchli 18-20 yoshli terma jamoa aʼzolari jalb qilingan. Ularning maqsadlari ham Superligaga yoʻl olish. Toʻgʻri, bu jamoaga fevralda boʻlib oʻtgan nazorat uchrashuvida yutqazib qoʻygandik. Lekin, bu oʻrtoqlik bahsi boʻlganligi bois biz futbolchilarni rotasiya (almashtirib-sinash) qilib oʻynatdik. Shuning uchun yigʻinlar mobaynida biz natijalarga qaraganimiz yoʻq. Mana shu 3 oy ichida olib borgan tayyorgarligimiz natijasini 22 mart kuni yigitlarimiz oʻz kuchi bilan koʻrsatadi, degan umiddaman. - "Neftchi"ning asosiy maqsadi 2021 yilgi mavsumda Superligaga yoʻl olish. Bu katta maqsadni amalga oshirish yoʻlida jamoaga qanday imkoniyat va sharoitlar yaratib berilgan. - Bu yil "Neftchi"ga hamma sharoitlar yaratib berilgan. Toshkent va Fargʻonadagi yigʻinlarimizda hamma imkoniyatlarga ega boʻldik. Buning uchun rahbariyatdan juda juda minnatdormiz. Jamoaga kerakli oʻyinchilarni oldik. Maqsad bitta - Superligaga chiqish. Muxlislar oldida yuzimiz yorugʻ boʻlishi uchun murabbiylar shtabi bilan faqat gʻalaba uchun astoydil mehnat qilamiz. - Yangi mavsum oldidan muxlislarga tilaklaringiz. - Bilasiz, "Neftchi" jamoasining muxlislari oʻtgan yilgi holatdan keyin 3 ta oʻyinga diskvalifikasiya qilingan. Bulardan 1 tasi oʻtib boʻldi. Hozirgi kunda 2 ta uy oʻyinimizni muxlislarsiz oʻtkazishga majburmiz. Ha, muxlislarsiz qiyin boʻladi. Chunki, muxlislar bilan oʻynalganda futbolchi va murabbiylarda adrenalin (madad) olish turgan gap. Endi muxlislarimiz faqat 5-turda "Xorazm" klubini qabul qilganimizda stadionda ishtirok etishadi. Muxlislarga tilaklarim shuki, hamisha "Neftchi"ni qoʻllab-quvvatlashsin.Shu paytgacha "Neftchi" Pro ligaga tushib ketgan boʻlsa ham fidoyi muxlislari doimo birga boʻlishdi.Men ham buni sezib turdim. Oʻylaymanki,bu yil ham muxlislarimiz stadionni toʻldirib,safar oʻyinlarimizga ham borishadi. Chunki ular bizga dalda boʻlib turishadi. Biz esa faqat muxlis uchun oʻynaymiz. Shuning uchun, qadrdon muxlislarimizdan iltimos qilib qolaman,har bir oʻyinimizni stadionga kelib,biz bilan hamnafas boʻlib, yigitlarimizni ruhan qoʻllab-quvvatlab, madad berib turishsa nur ustiga aʼlo nur boʻlardi. Hammalariga omad va sihat-salomatlik tilayman. "Neftchi" FK matbuot xizmati

