Ilhom Moʻminjonov: "Xoshimov va Rozievlarning kelajagi porloq"

Bugungi gʻalabadan soʻng jamoamiz bosh murabbiyi Ilhom Moʻminjonov matbuot anjumanida ishtirok etdi va quyidagicha fikr bildirdi. Bugungi gʻalaba bilan jamoamiz yigitlarini tabriklayman. Ular bugun murabbiylar shtabi tomonidan berilgan koʻrsatmalarni aʼlo darajada bajarishdi. Uzoq demasdan Fargʻonadan yetib kelib bizni qoʻllab-quvvatlab turgan muxlislarga gʻalabamizni bagʻishlaymiz. Oʻtkan oʻyinda "Olimpik" bilan durang oʻynadik. Balki oʻyinni ham yirik hisobda yutsak boʻlardi. Zaxiradan koʻnglimiz toʻlmagandi. Bugun guvohi boʻlganlaringdek, zaxira futbolchilari oʻyinni hal qilishdi. Sherzod Karimov ikkita golli uzatma berdi, bugun u maydonda oʻzining har tomonlama mahoratini namoyish etdi. Umuman aytganda bugun asosiy tarkib va zaxiradan oʻyinga qoʻshilgan barcha futbolchilardan koʻnglim toʻldi. Bugungi shijoatli oʻyin uchun futbolchilarimizga rahmat aytaman. Bugungi oʻyin haqida murabbiylar shtabi bilan tahlil qilib chiqqandik. "Yangier" Samarqandda ham agressiv oʻyin koʻrsatgan. "Yangier" yaxshi jamoa ekan. Toʻp nazoratini toʻgʻri amalga oshirganimiz evaziga gʻalaba qozondik. Bu yilgi PRO-Ligada oʻylashimcha barcha jamoalarning imkoniyati bir xil. "Buxoro", "Dinamo" va "Olimpik" jamoalari Superliga yoʻllanmasi uchun jiddiy kurash olib borishsa kerak. Chunki ularda nomdor murabbiylar va sifatli futbolchilar bor. Yana "Oq-tepa" ham yaxshi jamoa, "Xorazm" mana uyda gʻalabaga erishdi. Navbatdagi turda "Istiqlol" bilan oʻynaymiz, ular ham Superliga uchun kurashishni maqsad qilgan. Bu oʻyinga jiddiy tayyorgarlik koʻramiz. Ulugʻbek Xoshimov va Ruslan Roziev 18 va 20 yoshli yigitlar. Oʻtkan mavsumda bu futbolchilar "Paxtakor" yoshlarida asosiy tarkib oʻyinchilari boʻlishgan. Bu yigitlarda shijoati zoʻr, bugun Xoshimov chiroyli gol urdi. Bu yigitlar oʻsishda davom etishsa kelajakda terma jamoada ham oʻynashadi. Qizil kartochkadan soʻng futbolchilar shoshib qolishdi. Keyinroq oʻyinni toʻlaligicha nazoratga olishdi. Shundan soʻng ikkinchi va uchinchi gollar yuzaga keldi. "Neftchi" matbuot xizmati